Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti

Baxodirov Zafar Abduvaliyevich

Tuproq geografik axborot tizimlari va pedometrika bo‘limi mudiri

Biologiya fanlari doktori (DSc), katta ilmiy xodim

Biografiya

Baxodirov Zafar Abduvaliyevich — biologiya fanlari doktori (DSc), katta ilmiy xodim, Tuproqshunoslik va agroximiyoviy tadqiqotlar instituti Tuproq geografik axborot tizimlari va pedometrika bo‘limi mudiri.

Baxodirov Zafar Abduvaliyevich 1983-yil 27-martda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

2002–2006-yillarda Andijon davlat universitetida “Ekologiya va tabiatdan foydalanish” mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr bosqichida tahsil olgan. 2006–2011-yillarda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida “Atrof-muhit muhofazasi va geografik axborot tizimlari” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlik ta’limini tamomlagan. Magistrlik ta’limi Wageningen University and Research Center (Niderlandiya) bilan hamkorlikdagi xalqaro dastur doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, ta’limning asosiy tili ingliz tili bo‘lgan.

2012–2019-yillarda Tuproqshunoslik va agroximiya ilmiy-tadqiqot institutida “Tuproqshunoslik” mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borgan va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. 2019–2026-yillarda tuproqshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarini davom ettirib, 2026-yilda biologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan.

MEHNAT FAOLIYATI

Mehnat faoliyatini ekologiya, GIS va atrof-muhit monitoringi yo‘nalishlarida boshlagan. 2007-yilda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi loyihasida atrof-muhit indikatorlari ma’lumotlar bazasini GIS asosida takomillashtirish yo‘nalishida stajirovka o‘tagan. 2008–2011-yillarda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti EcoGIS markazida kichik mutaxassis, 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Geodeziya va kartografiya milliy markazida katta GIS mutaxassisi sifatida faoliyat yuritgan.

2012–2020-yillarda Tuproqshunoslik va agroximiya ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan. Ushbu davrda tuproq unumdorligini modellashtirish, yer resurslari unumdorligini GIS texnologiyalari asosida monitoring qilish, tuproq geoaxborot-tahliliy tizimini yaratish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini optimal joylashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilgan.

2013–2015-yillarda ICARDAning CACILM II loyihasida komponent rahbari, 2014–2015-yillarda “Eco Expert Consulting” MChJda direktor, 2016–2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan.

2019–2021-yillarda Tuproqshunoslik va agroximiya ilmiy-tadqiqot institutida xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri lavozimida ishlagan. 2021-yildan Tuproq geografik axborot tizimlari va pedometrika bo‘limi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

ILMIY FAOLIYATI

Ilmiy faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini raqamli tuproqshunoslik, pedometrika, geografik axborot tizimlari (GIS), masofadan zondlash, matematik modellashtirish, tuproq monitoringi, yer resurslarini baholash va boshqarish, tuproq eroziyasi hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini tuproqshunoslikka joriy etish tashkil etadi.

Ilmiy tadqiqotlarda GIS texnologiyalari asosida tuproq unumdorligi modellarini yaratish, yer resurslari monitoringini tashkil etish, tuproq geoaxborot-tahliliy tizimlarini ishlab chiqish, tuproq xossalarini fazoviy tahlil qilish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini tuproq xususiyatlariga ko‘ra joylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Keyingi bosqichlarda ilmiy izlanishlar masofadan zondlash va GIS texnologiyalari yordamida tuproq eroziyasini, jumladan shamol eroziyasini baholash va modellashtirish yo‘nalishlari bilan ham kengaygan. Ilmiy ishlar ro‘yxatida tuproq eroziyasini GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida kartografiyalash, tuproq shamol eroziyasini baholash va modellashtirish hamda shamol eroziyasini monitoring qilishning zamonaviy usullariga bag‘ishlangan ishlar mavjud.

XALQARO LOYIHALARDAGI FAOLIYATI

Ilmiy va amaliy faoliyat davomida FAO, UNDP/GEF, ICARDA hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikdagi loyihalarda loyiha rahbari, GIS eksperti, tuproqshunos ekspert va konsultant sifatida ishtirok etgan.

FAO loyihalari doirasida yer degradatsiyasi indikatorlarini baholash va xaritalash, yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqish, tuproq monitoringi va boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib borilgan.

2024–2025-yillarda Buxoro va Navoiy viloyatlarining pilot tumanlarida tuproqlarni tahlil qilish, monitoring qilish va boshqarish bo‘yicha UzSoilAI tizimini ishlab chiqish loyihasiga rahbarlik qilgan. Shuningdek, LDN indikatorlarini milliy miqyosda hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida baholash va xaritalash loyihasida loyiha rahbari sifatida faoliyat yuritgan.

2025-yildan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan “Masofadan zondlash va geoaxborot tizimlari texnologiyalari yordamida eroziyaga uchragan hududlarning zamonaviy monitoring texnologiyasini yaratish” loyihasiga rahbarlik qilmoqda.

ILMIY VA INNOVATSION ISHLANMALARI

Ilmiy faoliyat natijasida tuproqshunoslik va yer resurslarini boshqarish sohasida qator dasturiy mahsulotlar, ma’lumotlar bazalari va ilmiy ishlanmalar yaratilgan.

Jumladan, tuproq shamol eroziyasini monitoring qilish uchun chang tutgich modeli, tuproq resurslarini tezkor, aniq va samarali tahlil qilish, baholash va monitoring qilishga mo‘ljallangan UzSoilAI dasturi, Mirzaobod va Buxoro tumanlari tuproq holati ma’lumotlar bazalari, tuproq va suv tarkibidagi suvda eruvchan, zaharli va zaharsiz tuzlarni hisoblash dasturi, tuproq xususiyatlariga ko‘ra ekinlarni joylashtirish dasturi, “Sho‘rlangan tuproq” mobil ilovasi, tuproq unumdorligi modellari ma’lumotlar bazasi hamda “tuproq–o‘simlik–o‘g‘it” tizimida oziqa elementlarining maqbul me’yorlarini hisoblash dasturi shular jumlasidandir.

ILMIY NASHRLARI

Baxodirov Zafar Abduvaliyevichning ilmiy faoliyati natijalari 150 dan ortiq ilmiy nashrlarda o‘z aksini topgan. Jumladan, 2 ta ilmiy monografiya va 3 ta tavsiyanoma nashr etilgan.

Ilmiy ishlarida tuproq unumdorligini baholash va modellashtirish, GIS va masofadan zondlash texnologiyalaridan foydalanish, tuproq ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo’llash, degradsiyaga uchragan tuproqlarni xaritalash, yer resurslarini boshqarish, tuproq eroziyasi va shamol eroziyasini baholash kabi masalalar yoritilgan.

XALQARO ILMIY TAJRIBASI

Ilmiy malakasini oshirish va xalqaro tajriba almashish maqsadida FAO, Wageningen University & Research, ESRI, Janubiy Koreyaning Rural Development Administration va boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan xalqaro trening, seminar va malaka oshirish dasturlarida qatnashgan.

Jumladan, Portugaliyaning Koimbra shahrida FAO tomonidan tashkil etilgan tuproq biologik xilma-xilligini o‘lchash bo‘yicha seminar, Wageningen University & Researchda Soil Science Lab Skills Course, Janubiy Koreyada tuproq tahlilining zamonaviy innovatsion usullari, shuningdek ESRI tomonidan tashkil etilgan ArcGIS Enterprise va ArcGIS Pro bo‘yicha treninglarda ishtirok etgan.

HOZIRGI FAOLIYATI

Hozirgi kunda Tuproqshunoslik va agrokimiyoviy tadqiqotlar institutining Tuproq geografik axborot tizimlari va pedometrika bo‘limi mudiri sifatida ilmiy-tashkiliy faoliyat olib bormoqda.

Bo‘limning ilmiy faoliyatida tuproqshunoslikda matematik modellashtirish va statistik usullarni rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va maxsus dasturiy mahsulotlarni yaratish, sun’iy intellekt va Big Data texnologiyalarini qo‘llash, GIS va masofadan zondlash asosida tuproqlarni tahlil qilish va monitoring qilish hamda tuproq spektroskopiyasi yordamida tuproqlarni tezkor tahlil qilish kabi zamonaviy yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Baxodirov Zafar Abduvaliyevichning ko‘p yillik ilmiy va amaliy faoliyati tuproqshunoslikni zamonaviy geoinformatsion, masofadan zondlash, matematik modellashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari bilan integratsiyalash, tuproq va yer resurslarini zamonaviy usullar asosida baholash, monitoring qilish hamda samarali boshqarishning ilmiy-metodik asoslarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari

TUPROQ GEOGRAFIK AXBOROT TIZIMLARI VA PEDOMETRIKA BO‘LIMI

Tuproq geografik axborot tizimlari va pedometrika bo‘limi tuproq resurslarini zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida o‘rganish, baholash, xaritalash, monitoring qilish va boshqarishga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib boradi. Bo‘lim tadqiqotlarida geografik axborot tizimlari (GIS), masofadan zondlash, geostatistik tahlil, raqamli tuproq xaritalash, matematik modellashtirish, sun’iy intellekt, Big Data va tuproq spektroskopiyasi kabi zamonaviy texnologiyalardan kompleks foydalaniladi.

Bo‘limning asosiy ilmiy yo‘nalishlari tuproq xossalari va unumdorligini baholash, raqamli tuproq ma’lumotlar bazalarini yaratish, tuproq degradatsiyasi va eroziya jarayonlarini monitoring qilish va xaritalash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini tuproq xususiyatlariga ko‘ra optimal joylashtirish hamda tuproq resurslarini samarali boshqarishning ilmiy-uslubiy asoslarini ishlab chiqishni qamrab oladi. Ushbu yo‘nalishlarda raqamli xaritalar, tuproq ma’lumotlar bazalari, modellar va amaliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqilgan.

Ayni vaqtda bo‘limda tuproq degradatsiyasini zamonaviy texnologiyalar asosida monitoring qilish va tuproq organik uglerodini raqamli baholashga qaratilgan yirik amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda.

AL-9124104473-sonli “Masofadan zondlash va geoaxborot tizimlari texnologiyalari yordamida eroziyaga uchragan hududlarning zamonaviy monitoring texnologiyasini yaratish” loyihasi doirasida dala va laboratoriya tadqiqotlari, tuproq eroziyasini baholash modellarini verifikatsiya va kalibrlash, GIS asosida eroziya xaritalarini yaratish hamda qishloq xo‘jaligi maydonlarining eroziyaga uchraganlik holatini baholash va monitoring qilish imkonini beruvchi interaktiv tizim ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmoqda.

AL-9124104471-sonli “To‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘lchovlar hamda masofadan zondlash, sun’iy intellekt va tuproq spektroskopiyasi usullarini o‘zaro birlashtirish orqali tuproqdagi organik uglerodni baholash va bashorat qilish texnologiyasini ishlab chiqish” loyihasi doirasida esa tuproq organik uglerodini dala va laboratoriya usullarida aniqlash, masofadan zondlash va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, tuproq spektroskopiyasi ma’lumotlarini an’anaviy tahlil natijalari bilan taqqoslash hamda organik uglerodning hududiy tarqalishini xaritalash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. 2026-yil I chorak yakuniga ko‘ra, pilot hududlarda dala va laboratoriya tadqiqotlari bajarilib, tuproq organik uglerodi ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan hamda ROTH-C modeli asosida dastlabki baholash ishlari amalga oshirilgan.

Bo‘limning ilmiy faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini tuproqshunoslikka joriy etish ham muhim o‘rin tutadi. Tuproq resurslarini tezkor va samarali tahlil qilish, baholash va monitoring qilishga mo‘ljallangan UzSoilAI dasturiy mahsuloti ushbu yo‘nalishdagi muhim ishlanmalardan biridir.

Shuningdek, bo‘lim FAO bilan hamkorlikda “Implementation of the RECSOIL Green Path Pilot Project in Uzbekistan (III Phase)” xalqaro loyihasida ishtirok etib, tuproq organik uglerodi, tuproq salomatligi va barqaror yer boshqaruvi yo‘nalishlarida dala tadqiqotlari hamda ilmiy izlanishlarni amalga oshirmoqda.

Bo‘lim ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish, raqamli tuproq ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, zamonaviy monitoring tizimlarini yaratish va ilmiy kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratadi. Asosiy maqsad — zamonaviy geoinformatsion va raqamli texnologiyalarni tuproqshunoslik bilan integratsiyalash orqali tuproq resurslarini aniq va tezkor baholash, degradatsiya jarayonlarini monitoring va prognoz qilish hamda qishloq xo‘jaligi va yer resurslarini barqaror boshqarish uchun ilmiy asoslangan raqamli yechimlarni ishlab chiqishdir.