Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti

Qorayev Aliyor Xasanovich

Tuproq eroziyasi va eroziyalangan tuproqlarni muhofazalash, unumdorligini tiklash bo‘limi boshlig‘i

PhD, katta ilmiy xodim

Biografiya

A. QORAYEVNING TARJIMAI HOLI VA ILMIY-AMALIY FAOLIYATI

A. Qorayev tuproqshunoslik va agrokimyo sohasida 20 yillik ilmiy va amaliy ish tajribasiga ega mutaxassis bo‘lib, 2006-yildan buyon Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida faoliyat yuritib kelmoqda.

U ilmiy faoliyatini institutning “Tuproq unumdorligini baholash va boshqarish” bo‘limida “Tuproqshunoslik” mutaxassisligi bo‘yicha aspirant sifatida boshlagan. Mehnat faoliyati davomida kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim va bo‘lim boshlig‘i kabi lavozimlarda ishlab, ilmiy-tadqiqot, ilmiy-uslubiy, tashkiliy va boshqaruv yo‘nalishlarida katta tajriba orttirgan.

A. Qorayevning ilmiy faoliyati asosan tuproq unumdorligini baholash va boshqarish, sug‘oriladigan va lalmi tuproqlarning xossa va xususiyatlarini o‘rganish, tuproq degradatsiyasi va eroziya jarayonlarini aniqlash, eroziyaga xavflilik va eroziyalanganlik xaritalarini massivlar kesimida tuzish, eroziyaga uchragan tuproqlar unumdorligini qayta tiklash agrotexnologiyalarini ishlab chiqish, tuproq va suv resurslaridan oqilona foydalanish, yaylov hamda lalmi yerlarning samaradorligini oshirish masalalariga yo‘naltirilgan.

U sug‘oriladigan va lalmi tuproqlar unumdorligini baholash bo‘yicha ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hammuallif sifatida faol ishtirok etgan. Shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida Afg‘onistonning qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan ilmiy-ta’lim muassasalari va tashkilotlari vakillariga onlayn ta’lim berish hamda ilmiy maslahatlar ko‘rsatish ishlarida faol qatnashgan.

A. Qorayev ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali va oqilona foydalanish, tuproq degradatsiyasi va eroziyasining oldini olish hamda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ilmiy- amaliy ishlarga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

ILMIY VA AMALIY YUTUQLARI

• Tuproqshunoslik va agrokimyo yo‘nalishlarida 100 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi;

• 10 dan ortiq ilmiy-uslubiy tavsiya va qo‘llanmalar muallifi;

• Mamlakatimizda amaliyotda qo‘llanilayotgan sug‘oriladigan va lalmi tuproqlar unumdorligini baholash bo‘yicha ilmiy-uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqishda ishtirok etgan;

• Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy-ma’lumotlar bazalarida indekslanuvchi jurnallarda chop etilgan ilmiy maqolalar muallifi;

• Respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va forumlarda faol ishtirok etib kelmoqda;

• Tuproq unumdorligi va uni baholash (bonitirovkalash), tuproq degradatsiyasi, suv va shamol eroziyasi hamda eroziyaga uchragan tuproqlar unumdorligini tiklash agrotexnologiyalarini ishlab chiqish yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot loyihalarining rahbari va asosiy ijrochisi sifatida faoliyat olib bormoqda;

• Mazkur yo‘nalishlarda ilmiy kadrlar va shogirdlar tayyorlashga faol hissa qo‘shib kelmoqda.

2024-yil boshidan buyon Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutining “Tuproq eroziyasi va eroziyalangan tuproqlarni muhofazalash, unumdorligini tiklash” bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

A. Qorayev o‘zining ko‘p yillik ilmiy-amaliy tajribasi, tashkilotchilik va boshqaruv ko‘nikmalari, tuproqshunoslik va agrokimyo sohasidagi ilmiy salohiyati hamda ilmiy-tadqiqotlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish borasidagi faoliyati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mutaxassis hisoblanadi.

Vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari

1. Umumiy vazifalar

Bo‘limning asosiy maqsadi — tuproq eroziyasi jarayonlarini ilmiy asosda o‘rganish, eroziyaga uchragan tuproqlar unumdorligini tiklash, saqlash va muhofaza qilish hamda yer resurslaridan samarali, oqilona va barqaror foydalanishni ta’minlashga qaratilgan ilmiy-amaliy yechimlarni ishlab chiqishdan iborat.

2. Asosiy vazifalar

1. Sug‘oriladigan, lalmi va yaylov tuproqlarining tabiiy, texnogen va inson faoliyati ta’sirida yemirilishi, yuvilishi va uchirib ketilishining sabab va omillarini aniqlash.

2. Tuproqda kechadigan eroziya turlari (shamol, suv, sug‘orish eroziyasi) ni ilmiy asosda tahlil qilish.

3. Tuproqning eroziyaga uchraganlik holatini aniqlash orqali uning darajasini baholash.

4. Tuproqqa oid ma’lumotlar fondini boyitishga qaratilgan yaylov, sug‘oriladigan va lalmi hududlar uchun eroziya havfli yerlar va tuproq eroziyalanganlik xaritasini tuzish ishlarini olib borish.

5. Tuproq eroziyasi salbiy ta’sirini oldini olish, qishloq xo‘jaligi, atrof muhit va yer resurslarini muhofaza qilishning chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish.

6. Eroziyasiga uchragan tuproqlar unumdorligini tiklash orqali qishloq xo‘jaligiga samarali foydalanishga kiritish uchun ilmiy va amaliy agrotexnologik yechimlar ishlab chiqish.

7. Shamol (deflyatsiya), suv, jarlanish va sug‘orish (irrigatsiya) hamda yaylov (zoogen) eroziyasiga qarshi kurash bo‘yicha ilmiy uslubiy ko‘rsatma va tavsiyalar ishlab chiqish.

8. Tuproq eroziyasi va eroziyalangan tuproqlarni muhofazalash, unumdorligini tiklash bo‘yicha kadrlar ilmiy salohiyatini boyitish.

9. Tuproq eroziyasini baholashning tezkor, aniq va samarali resurstejamkor usullarni ishlab chiqish va ularni zamonaviysi bilan o‘zaro uygunlikda takomillashtirib borish.

10. Tuproq eroziyasining salbiy ta’sirini va kelajakdagi oqibatlarini bashoratlash hamda ularning oldini olish, chegarasini kamaytirish, qarshi kurash va ulardan muhofazalash strategiyasini ishlab chiqishdan iborat.