Butunjahon paxta kuni: Oʻzbekiston tajribasi eʼtirof etildi
Yangiliklar

Butunjahon paxta kuni: Oʻzbekiston tajribasi eʼtirof etildi

2 daqiqa oʻqish 136 marta koʻrilgan

🌍 Ayni paytda poytaxtimizdagi nufuzli xalqaro tadbirlar maskanida Xalqaro paxta boʻyicha maslahat qoʻmitasi (ICAC) hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda Butunjahon paxta kuni keng nishonlanmoqda.

☁️ Dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan tashrif buyurgan soha mutaxassislari, olimlar, ekspertlar hamda paxtachilik sohasi vakillari ishtirok etayotgan mazkur tadbir nafaqat paxtaning jahon iqtisodiyotidagi oʻrni, balki bugungi zamonaviy paxtachilikning yangi qiyofasini muhokama qilish uchun muhim xalqaro minbar vazifasini oʻtamoqda.

🚜 Tadbir davomida soʻzga chiqqan mehmonlar bugungi kunda jahon paxtachiligida innovatsion texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari, raqamlashtirish va resurs tejamkor agrotexnologiyalar tobora keng qoʻllanilayotganini alohida taʼkidladilar. Ayniqsa, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda paxtachilikni yangi bosqichga olib chiqish, hosildorlikni oshirish, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat eʼtiborini tortayotgani qayd etildi.

🇺🇿Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov oʻz nutqida mamlakatimiz paxtachiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi agrotexnologiyalar va innovatsion yondashuvlarga alohida toʻxtalib, bugungi kunda fermer xoʻjaliklarida yuqori hosildorlikka erishish uchun aniq va ilmiy asoslangan tizim shakllanayotganini taʼkidladi.

☘️ Xususan, joriy yilda paxtachilikda “8 ta qonun” tamoyili asosida ish olib borilayotgani qayd etildi. Mazkur yondashuv paxta yetishtirishning har bir bosqichida — ekishdan tortib, parvarishlash, oziqlantirish, oʻsuv davrini boshqarish va hosilni oʻz vaqtida yigʻib-terib olishgacha boʻlgan jarayonlarda aniq agrotexnik talablarni taʼminlashga qaratilgan.

📈 Eng muhimi, bu talablar shunchaki nazariy koʻrsatmalar emas, balki amaliyotda oʻz samarasini namoyon etmoqda.

☁️ Bugun mamlakatimizning qator hududlarida fermerlar ilgʻor agrotexnologiyalarni qoʻllagan holda gektaridan 70–80 sentner, ayrim ilgʻor xoʻjaliklarda esa 100 sentnergacha paxta hosili olishga erishmoqda.

💧 Butunjahon paxta kuni doirasidagi bugungi muloqotlar ham aynan shuni koʻrsatmoqdaki, paxtachilik kelajagi faqat koʻproq hosil olishda emas, balki kamroq resurs sarflab, yuqori samaradorlikka erishish, mahsulot sifatini oshirish va raqobatbardosh ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishda namoyon boʻladi.

🌍 Oʻzbekistonning xalqaro paxtachilik hamjamiyatidagi mavqei ham ana shu jarayonlar bilan chambarchas bogʻliq. Mamlakatimizda yaratilayotgan yangi tajribalar, innovatsion agrotexnologiyalar va yuqori hosildorlikka erishayotgan fermerlar faoliyati xalqaro maydonda muhokama qilinayotgani esa Oʻzbekiston paxtachiligining yangi bosqichga koʻtarilayotganidan dalolat beradi.

Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI