Bugun Oʻzbekistonning Oʻmon Sultonligidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abdusalom Xatamov bilan uchrashdim. Muloqot davomida ikki davlat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildik.
Uchrashuvda Oʻzbekiston agrar salohiyatini xalqaro bozorlarda, xususan, Oʻmon Sultonligida keng targʻib etish masalasiga alohida eʼtibor qaratdim. Xususan, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, buning uchun esa Oʻmon hududida maxsus qishloq xoʻjaligi koʻrgazmalari va taqdimot tadbirlarini tashkil etish borasida fikr almashdik.
Shuningdek, muloqot davomida agrar taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik, taʼlim muassasalari oʻrtasida tajriba almashish, mutaxassislar tayyorlash hamda qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish malalalari muhokama markazida boʻldi.
Uchrashuvda yer shoʻrlanishi va degradatsiyaga qarshi kurashish kabi dolzarb global muammolar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Bu yoʻnalishda ilmiy-amaliy hamkorlik va ilgʻor tajribalar almashuvi har ikki tomon uchun muhim ekanini alohida taʼkidladim. Shuningdek, mavjud qoʻshma agrar loyihalarning joriy holatini koʻrib chiqib, ularni yanada faollashtirish boʻyicha amaliy takliflar bildirdim.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan barcha yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni tizimli va izchil rivojlantirish maqsadida qoʻshma “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishdik.
Manba: Telegram kanali · Ibrohim Abdurahmonov





