Paxta maydonlari uchun mikroelementlar kartogrammasini ishlab chiqish
Yangiliklar

Paxta maydonlari uchun mikroelementlar kartogrammasini ishlab chiqish

2 daqiqa oʻqish 401 marta koʻrilgan

🔴Mikroelementlar kartogrammasi — bu tuproq tarkibidagi mis, rux, bor, marganets kabi elementlarning miqdori va tarqalishini xaritada aks ettiruvchi ilmiy hujjatdir. Ushbu kartogrammalar tuproq namunalarini laboratoriyada tahlil qilish asosida tuziladi.

✅Shu kunlarda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan Sirdaryo viloyati Guliston tumanida “Paxta ekiladigan maydonlar tuproqlarining mikroelementlar — Cu, Zn, Mn, B, Co, Mo bilan taʼminlanganlik kartogrammalarini ishlab chiqish” nomli pilot loyiha amalga oshirilmoqda.

🔴Ushbu loyihaning asosiy maqsadi — paxta maydonlari tuproqlarida muhim mikroelementlar miqdorini aniqlash, ularning yetarli yoki yetishmasligini baholash hamda fermerlar uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Mikroelementlar oʻz nima?
Mikroelementlar — tuproq va oʻsimlik tarkibida juda kam miqdorda uchraydigan, lekin paxtaning oʻsishi, rivojlanishi va hosildorligi uchun juda zarur boʻlgan oziqa elementlaridir.
Masalan:
Mis (Cu) — oʻsimlikda modda almashinuvi va kasalliklarga chidamlilikni kuchaytiradi.
Rux (Zn) — paxtaning oʻsishi, gullashi va koʻsak shakllanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Marganes (Mn) — fotosintez jarayonida muhim ahamiyatga ega.
Bor (B) — gullash, changlanish va hosil elementlari shakllanishida muhim rol oʻynaydi.
Kobalt (Co) va molibden (Mo) — azot almashinuvi va tuproq unumdorligi bilan bogʻliq jarayonlarda ishtirok etadi.

Mikroelementlar yetishmasa, oʻsimlik tashqi koʻrinishda yashil boʻlib koʻrinsa ham, uning ichki fiziologik jarayonlari susayadi. Natijada hosil kamayadi, tola sifati pasayadi va oʻgʻitlardan foydalanish samaradorligi toʻliq namoyon boʻlmaydi.

Kartogrammalar tuzish nima uchun kerak?
Kartogramma orqali har bir dala konturi boʻyicha tuproqda qaysi mikroelement yetarli, qaysisi kam yoki ortiqcha ekani koʻrsatiladi. Bu esa fermerlarga oʻgʻitlarni “taxminan” emas, balki tuproq tahliliga asoslangan holda, aniq meʼyorda ilmiy asoslarga koʻra qoʻllash imkonini beradi.
Bunday yondashuv quyidagi natijalarga xizmat qiladi:
🔴 paxta hosildorligini oshirish;
🔴 mineral oʻgʻitlardan samarali foydalanish;
🔴 tuproq unumdorligini saqlash;
🔴 ortiqcha xarajatlarni kamaytirish;
🔴har bir dala uchun ilmiy asoslangan tavsiyalar tayyorlash.

🌏Mikroelementlar boʻyicha tuproq xaritalari va agrokimyoviy kartogrammalar tayyorlash ishlari AQSH, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Braziliya, Avstraliya hamda Yevropa Ittifoqi davlatlarida keng qoʻllaniladi. Bu mamlakatlarda tuproq tahliliga asoslangan aniq dehqonchilik tizimi hosildorlikni oshirish va resurslarni tejashning muhim vositasi sifatida qaraladi.

📍Sirdaryo viloyati Guliston tumanida amalga oshirilayotgan mazkur pilot loyiha ham paxtachilikda ilmiy asoslangan, resurs tejamkor va samarali agrotexnologiyalarni joriy etish yoʻlida muhim amaliy qadam hisoblanadi.

#Tuproqshunoslik #Mikroelementlar #Kartogramma

Manba: Telegram kanali