Koreya Respublikasining yetakchi nashrlaridan biri — "The Chosun Daily"da Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: oʻzgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik" sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi.
Maqolada Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi tarixiy rishtalar, bugungi alohida strategik sheriklik, savdo-investisiya aloqalari hamda munosabatlarni yangi texnologik bosqichga olib chiqish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratilgan.
❗Maqolada qayd etilganidek–
🔵soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 5 barobarga oshgan;
🔵Koreyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investisiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshgan;
🔵Ayni paytda mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokida 700 dan ziyod qoʻshma korxona va loyihalar amalga oshirilmoqda;
🔵KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3,5 milliard dollardan ortiq;
🔵2025 yilda Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 500 milliard dollardan oshgan.
Prezident ikki mamlakat iqtisodiyotining oʻzaro toʻldiruvchanligi yangi oʻsish drayverlarini yaratish uchun katta imkoniyat ekanini taʼkidlab, hamkorlikni umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirish darajasiga olib chiqish muhimligini taʼkidladi.
"Ishonchim komilki, aynan shu asosda hamkorligimizning yangi sahifasini ochishimiz — alohida sohalardagi muvaffaqiyatli hamkorlikdan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga oʻtishimiz mumkin. Bu esa mamlakatlarimiz barqaror va uzoq muddatli farovonligining yanada mustahkam poydevorini barpo etadi".
Maqolada sunʼiy intellekt, yarim oʻtkazgichlar, robototexnika, elektr transport vositalari, biofarmasevtika, aqlli qishloq xoʻjaligi va “aqlli shaharlar” istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari sifatida belgilangan. Shuningdek, taʼlim va inson kapitaliga investisiya kiritish, akademik almashinuv va qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi eʼtirof etgan.
Prezident, shuningdek, Markaziy Osiyo-Koreya Respublikasi sammiti Oʻzbekiston va Koreya munosabatlari bilan bir qatorda, butun mintaqa bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim maydon ekaniligiga alohida urgʻu berdi.
"...Oʻzbekiston siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi, samarali mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surish niyatida. Bu tashabbuslar “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” formatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, uni yanada tizimli, dinamik va uzoq muddatli mintaqaviy ustuvor vazifalarga yoʻnaltirilgan mexanizmga aylantirishga qaratilgan".
Prezident maqolasida qayd etilganidek, Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi strategik sheriklik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni, balki Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, innovatsiya va umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
"Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi tinchlik, innovatsiyalar, oʻzaro ishonch va umumiy farovonlikka asoslangan hamkorlikning yangi makonini shakllantira olishiga chin dildan ishonaman"- deydi Davlatimiz Rahbari maqolada.
🔥 Maʼlumot oʻrnida: The Chosun Daily — 1920 yilda tashkil etilgan «Chosun Ilbo» mediaguruhi tarkibidagi nashr boʻlib, Koreya Respublikasidagi yirik axborot platformalaridan biri hisoblanadi.
Nashr siyosat, iqtisodiyot, jamiyat va xalqaro munosabatlarga oid dolzarb voqealarni keng yoritib boradi. Unda Oʻzbekiston Prezidentining maqolasi eʼlon qilinishi ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikka boʻlgan yuksak eʼtiborning yana bir ifodasidir.
https://t.me/Rasmiy_axborot_official
Manba: Telegram kanali · Rasmiy axborot