🌐Toshkentda qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, geofazoviy monitoring va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga bagʻishlangan ikki kunlik xalqaro amaliy seminar oʻz ishini yakunladi.
🤝 Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti (IOFS) hamkorligida tashkil etilgan tadbir “Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini boshqarish uchun raqamli, geofazoviy va sunʼiy intellektga asoslangan yechimlar” mavzusiga bagʻishlandi.
🌍Seminarda Oʻzbekiston mutaxassislari bilan birga Ozarbayjon, Qozogʻiston, Pokiston va Turkiyadan ekspertlar hamda ICARDA vakili ishtirok etib, qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish boʻyicha tajriba almashdi.
🛰️ Ikki kun davomida sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari, geoaxborot tizimlari, raqamli platformalar va sunʼiy intellektning qishloq xoʻjaligidagi amaliy imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, suv tanqisligi va sugʻorish samaradorligi, tuproq shoʻrlanishi va yer degradatsiyasi, qurgʻoqchilik va issiqlik stressini aniqlash, ekin maydonlari hamda ekinlar holatini monitoring qilish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
💡Seminarning muhim jihati — texnologiyalarni shunchaki maʼlumot yoki xarita sifatida emas, balki aniq boshqaruv qarorlarini qabul qilishga xizmat qiladigan vositaga aylantirish masalasiga urgʻu berilgani boʻldi.
🔎 Amaliy mashgʻulotlarda ishtirokchilar muammoli hududlarni aniqlash, sunʼiy yoʻldosh va dala maʼlumotlarini oʻzaro solishtirish, aniqlangan holatlarni joyida tekshirish hamda tegishli agrotexnik choralarni belgilash boʻyicha tajriba orttirdi.
🤖 Shuningdek, sunʼiy intellekt yordamida qishloq xoʻjaligi qarorlarini qoʻllab-quvvatlash, anomal holatlarni aniqlash, tarixiy maʼlumotlarni tahlil qilish va fermerlar uchun agro-maslahatlar tayyorlash imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.
✅Seminar yakunida faol qatnashgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Sertifikatda ularning Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini boshqarish uchun raqamli, geofazoviy va sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarga bagʻishlangan amaliy seminardagi faol ishtiroki eʼtirof etildi.
Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI






