🌱 Qishloq xoʻjaligi vazirligining Agrar sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va raqamlashtirish departamenti mutaxassislari tomonidan “Axborot tizimlarida qishloq xoʻjaligi ekinlarini konturlar kesimida joylashtirish va monitoring qilish” nomli yangi ilmiy-uslubiy qoʻllanma tayyorlanib, nashr etildi.
📘 Mazkur qoʻllanma “Agroportal” va “CropAgro” axborot tizimlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini dala konturlari kesimida raqamli hisobga olish, ularning holatini muntazam monitoring qilish hamda sohada raqamli boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
🛰️ Qoʻllanmada kadastr maʼlumotlari, tuproq-meliorativ koʻrsatkichlar, suv taʼminoti, geografik axborot tizimlari (GIS) hamda masofadan zondlash maʼlumotlarini oʻzaro integratsiya qilish orqali maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligini oshirish, ularni shakllantirish, yangilab borish hamda tahlil qilishning zamonaviy usullari keng yoritilgan.
📊 Shuningdek, unda dala konturlarini shakllantirish, ekinlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni axborot tizimlariga kiritish va yangilash, rejalashtirilgan hamda amalda ekilgan maydonlarni taqqoslash, foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlarini aniqlash imkoniyatlari amaliy misollar asosida bayon etilgan.
🗺️ Qoʻllanmada interaktiv xaritalar va avtomatlashtirilgan tahlil vositalari yordamida rahbarlar hamda soha mutaxassislari uchun tezkor va asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilishga xizmat qiluvchi amaliy tavsiyalar ham oʻrin olgan.
📖 Mazkur nashr, avvalo, fermer va dehqon xoʻjaliklari, klasterlar, agrofirmalar, qishloq xoʻjaligi korxonalari, shuningdek, “Agroportal” axborot tizimida ishlovchi barcha yer foydalanuvchilari uchun muhim amaliy qoʻllanma hisoblanadi.
✅ Shu bilan birga, undan davlat tashkilotlari mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va talabalar ham ilmiy-uslubiy manba sifatida foydalanishlari mumkin.
✨ Mazkur ilmiy-uslubiy qoʻllanma qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish, maʼlumotlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etishda muhim metodik manba sifatida xizmat qiladi.
Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI