Toza dala – unumdor tuproq va ekologik barqarorlik garovi
Yangiliklar

Toza dala – unumdor tuproq va ekologik barqarorlik garovi

2 daqiqa oʻqish 125 marta koʻrilgan

🌾 Bugungi kunda qishloq xoʻjaligida yuqori hosildorlikka erishish bilan bir qatorda, yer va suv resurslarini asrash, tuproq unumdorligini saqlash hamda dalalarni plastik chiqindilardan tozalash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Zero, dalada qolib ketgan har qanday chiqindi nafaqat atrof-muhitga, balki kelgusi ekinlar rivoji va tuproq sifatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

🚜 Ayni paytda mamlakatimiz dalalarida kuzgi gʻalla ekish ishlari qizgʻin davom etmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, “Shinjon” agrotexnologiyasi asosida paxta yetishtirilgan maydonlarda foydalanilgan tomchilatib sugʻorish shlanglarini dalalardan toʻliq yigʻishtirib olish muhim ahamiyat kasb etadi.

🇺🇿Shu munosabat bilan Andijon viloyatida fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi. Unda paxta dalalarida qolib ketgan plastik shlanglarni yigʻib olish, ularni belgilangan tartibda utilizatsiya qilish va yer maydonlarini keyingi ekin mavsumiga sifatli tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

♻️ Seminar davomida mutaxassislar tomchilatib sugʻorish shlanglarining dalalarda qolib ketishi qanday ekologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida batafsil tushuntirish berdi. Jumladan, plastik chiqindilar tuproqda uzoq vaqt saqlanib qolishi, vaqt oʻtishi bilan mayda zarrachalarga — mikroplastiklarga parchalanishi va tuproqning fizik xususiyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

💧 Taʼkidlanganidek, tomchilatib sugʻorish texnologiyasidan samarali foydalanish uning yakuniy bosqichidagi masʼuliyatni ham talab etadi. Yaʼni hosil yigʻib olingach, sugʻorish tizimining foydalanilgan qismlarini daladan olib chiqish, qayta foydalanish imkoniyatlarini koʻrib chiqish yoki ularni tegishli tartibda qayta ishlashga yoʻnaltirish zarur.

📋 Amaliy seminar doirasida fermer xoʻjaliklari rahbarlariga dalalarni plastik chiqindilardan tozalash, shlanglarni oʻz vaqtida yigʻishtirish va kuzgi gʻalla ekish ishlarini toza maydonlarda tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI