Tuproqda fosfor oziqa elementining shakllari va ularning aylanishi.
Fosfor oʻsimlik quruq massasining taxminan 0,2 % ini tashkil qiladi va DNK, RNK, fosfolipidlar hamda ATP (adenozin trifosfat) kabi hayotiy muhim molekulalarning tarkibiy qismidir. Azotdan keyin fosfor oʻsimliklar uchun ikkinchi eng muhim oziqa elementi hisoblanadi. Fosfor yetishmasa, oʻsish sekinlashadi, hosil kamayadi.
◼️Tuproqda fosfor ikki asosiy shaklda uchraydi:
1. Organik fosfor – oʻsimlik va hayvon qoldiqlari, mikroorganizmlar biomassasida boʻladi. Umumiy fosforning 30–65 % i shu shaklda boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻsimlik istemol qila olmaydi.
2. Anorganik fosfor – mineral birikmalar holida boʻladi (35–70 %).
Bu shakl oʻsimliklar uchun asosiy oziq manba hisoblanadi.
Fosforning 3 ta “anorganik ombori” mavjud tuproqda. Agar buni pulga qiyoslasak quyidagicha tariflash mumkin:
A) “Naqd pul” — eritmadagi fosfor (oʻsimlik bevosita oladi). Bu fosfor tuproq namligida erigan boʻladi. Oʻsimlik ildizi aynan shuni “soʻrib” oladi. Lekin bu ombor juda kichik. Shuning uchun tuproq doim muvozanatga kelib turadi.
B) “Kartadagi pul” — yopishib/birikib turgan fosfor. Fosfor tuproqning mayda zarralariga, temir/alyuminiy birikmalariga (ayniqsa qizgʻish tuproqlarda), yoki ohakka (Ca) birikib qoladi. Bu fosfor sekin-asta eritmaga chiqib turadi.
C) “Depozit” — mineraldagi fosfor. Bu fosfor tuproqdagi minerallar ichida “qamalib” yotadi. Bu ombor eng katta, lekin eng sekin ishlaydi (yillar davomida).
◼️Fosfor tuproqda qanday “aylanadi”?
Fosfor tuproqqa kiradi (oʻgʻit, goʻng, qoldiq), keyin 4 ta asosiy holat boʻladi:
- Mikroblar organik fosforni ochadi → oʻsimlikka yaqinlashadi.
- Fosfor yopishib qoladi (mayda moy zarrachasiga, Fe/Al ga, ohakka).
- Qotib choʻkadi (ayniqsa pH juda past yoki juda yuqori boʻlsa).
- Yomgʻir/sugʻorish oqimi bilan chiqib ketadi (eroziya, yuzaki oqim).
Eng muhim amaliy qoidalar❗️
▪️Fosforni qachon berish kerak? Fosfor eng kerak boʻladigan payt – ekish oldi va koʻchat/urug' ekish vaqtida, ildiz otayotgan davrda. Kech berilgan fosfor kam foyda beradi.
▪️Fosforni qanday berish kerak? Fosforni yer yuziga sepib qoʻymang. Uni albatta tuproqqa aralashtirib, qator tagiga yoki ildiz yaqiniga bering. Oddiy qoida: “Fosfor ildizga yaqin boʻlsa ishlaydi.”
▪️Qaysi tuproqda fosfor birikib ishlamay qoladi? Karbonatli tuproqda fosfor qotadi. Ogʻir mexanik tarkibli tuproqda fosfor mayda zarrachalarga yopishib qoladi. Qizil tuproqli yerda (temir koʻp) fosfor kuchli bogʻlanadi.
▪️Eng yaxshi pH. Fosfor eng yaxshi pH 6–7 da oʻzlashtiriladi. Oʻzbekiston sharotida ishqoriy tuproqlarda kompost va goʻng bilan qoʻllash tavsiya qilinadi.
▪️Organik modda nima beradi? Goʻng va kompost fosforni eritadi, ildizga yetishini osonlashtiradi. Shuning uchun fosforni organik modda bilan birga bering.
▪️Fosfor qayerga ketadi? Eng koʻp yoʻqotish – yomgʻir va sugʻorish oqimi bilan yuvilib ketishi. Shu sabab fosforni yuzada qoldirmang, ildizga yaqin joylashtiring.
AGROLABORATORIYA-ILM BILAN
©️Shovkat_Xoldorov
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating👇
✅ Telegram| ✅ Facebook|
✅ Instagram| ✅ Youtobe|
Manba: Telegram kanali · AGRO LABORATORIYA|XOLDOROV_SH