Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi…
Yangiliklar

Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi…

2 daqiqa oʻqish 342 marta koʻrilgan

🔴Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan maʼrifiy tadbir mazmunli va taʼsirchan tarzda tashkil etildi. Tadbir dastlab kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Amir Temur haykali poyiga gulchambar qoʻyilgani hamda Amir Temur muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishilganiga bagʻishlangan qisqa metrajli videorolik namoyishi bilan boshlandi.

✅Shundan soʻng, tarixchi olimalar va ijod ahli tomonidan Amir Temurning hayoti, davlatchilik faoliyati hamda uning boy ilmiy-badiiy merosi haqida qiziqarli va mazmunli taqdimotlarga navbat berildi.

✅Jumladan, OʻzMU “Tarix” fakulteti oʻqituvchilari — tarix fanlari doktori Sanobar Joʻrayeva va tarix fanlari nomzodi Manzuraxon Baltabaeva tomonidan maʼruzalar qilindi.

🌟S. Jurayevaga koʻra, Amir Temur - tarixda nafaqat buyuk sarkarda, balki kuchli iroda va mustahkam maʼnaviyat timsoli sifatida tanilgan shaxs. Uning hayoti mashaqqat, sinov va qattiq intizom bilan toʻlgan boʻlib, bu jihatlar uning askarlari ruhiyatida ham yaqqol aks etgan. Va bu mashaqqatlar uni toblab, sabr-toqat, qatʼiyat va strategik fikrlashini shakllantirgan. U har bir muvaffaqiyat ortida katta mehnat va intizom yotishini yaxshi anglagan.

🌟 Shuningdek, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir va yozuvchi Nasrullo Ergash oʻz navbatida “Biz shu tuproqdan bunyod boʻldik, shu tuproq ustida yashayapmiz, u bizni boqmoqda, erta bir kun yana unga qaytajakmiz. U bizning ona Vatan!” - deya Amir Temur va uning ilmiy-badiiy meroslari haqida oʻz fikr mulohazalari bildirib, SOHIBQIRON haqidagi sheʼr namunalaridan oʻqib eshittirdi.
***
Bu shunday zot, uning shukuhi
Asrlarga tahlika solgan.
Bu shunday zot, hattoki ruhi
Urushlarni toʻxtatib qolgan!

Bu shunday zot, qilichin kuchi
Zabt etolgan jahonni butun.
Bu shunday zot, haq soʻzi uchun
Yopgan shoir yelkasiga toʻn!
***

🔴Tadbir yakunida ishtirokchilar ham soʻzga chiqib, barcha qatnashchilarga oʻzlarining samimiy tilak va ezgu istaklarini bildirishdi. Bunday tadbirlar milliy merosimizni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish hamda yoshlarda vatanparvarlik va milliy gʻurur tuygʻularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

#Amir_Temur #690_yilligi

Manba: Telegram kanali