“G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi hamda “Shon-sharaf muzeyi”ga sayohat tashkil qilindi.

9-may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutining bir guruh xodimlari oila a’zolari bilan “G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi hamda “Shon-sharaf muzeyi”ga tashrif buyurishdi. Ular muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishib, yurtimiz tarixi va qahramonlari haqida boy ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Bunday tashriflar inson qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlab, ma’naviy olamni boyitishga xizmat qiladi. Muzeydagi har bir eksponat o‘tmishni yodga solib, kelajak uchun mas’uliyat hissini oshiradi.

Ayniqsa, urush vaqtidagi qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tgan yurtdoshlarimiz hayotini aks ettiruvchi eksponatlar tashrif buyuruvchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Bu eksponatlar orqali front ortidagi mashaqqatli mehnat, sabr-toqat va fidoyilik namunalari yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushi davriga oid hujjatlar, shaxsiy buyumlar va fotosuratlar orqali o‘sha og‘ir yillarda xalqimiz qanday sinovlardan o‘tganini his etish mumkin. Bu esa yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

