Berdiyev Tolib Tursunniyazovich
- Qabul kunlari:
- Juma · 14:00–16:00
- Telefon:
- +998 97 719-82-56
- Email:
- gosniipa@gmail.com
Vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari
1. Umumiy vazifalar
Tuproqlar biogeokimyosi, kimyoviy va fizik-kimyoviy holatini maqbullashtirish boʻlimining umumiy vazifasi — respublika tuproqlarining kimyoviy, fizik-kimyoviy va biogeokimyoviy holatini kompleks oʻrganish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish, tuproq degradatsiyasi, sahrolanish, shoʻrlanish va degumifikatsiya jarayonlarini baholash hamda ularning oldini olishga qaratilgan samarali agrotexnologiyalarni ishlab chiqishdan iborat. Shuningdek, iqlim oʻzgarishi sharoitida tuproq organik moddasi va gumus dinamikasini oʻrganish, tuproqda uglerod sekvestratsiyasini oshirish, mahalliy mineral va organik resurslardan samarali foydalanish boʻyicha ilmiy-amaliy yechimlarni ishlab chiqish boʻlimning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
2. Asosiy vazifalar
Tuproqlarning kimyoviy, fizik-kimyoviy va biogeokimyoviy xossalarini kompleks oʻrganish;
Tuproqning singdirish sigʻimi, singdirilgan kationlar tarkibi va adsorbsion xususiyatlarini tadqiq qilish;
Tuproq organik moddasi, gumus miqdori, zahirasi va gumusning guruhiy-fraksion tarkibini baholash;
Tuproqlarda fosfor va kaliyning umumiy hamda harakatchan shakllari va fraksion tarkibini oʻrganish;
Sahrolanish, degradatsiya, shoʻrlanish va shoʻrtoblanish jarayonlarining tuproq biogeokimyoviy holatiga ta’sirini aniqlash;
Iqlim oʻzgarishi sharoitida gumus dinamikasi va degumifikatsiya jarayonlarini baholash;
Tuproq organik moddasi zahirasini oshirish va uglerodni sekvestratsiya qilish texnologiyalarini ishlab chiqish;
Degradatsiyaga uchragan tuproqlarning unumdorligini tiklash va saqlash boʻyicha agrotexnologik yechimlar ishlab chiqish;
Organik va organo-mineral oʻgʻitlar, shuningdek, mahalliy mineral resurslardan samarali foydalanish texnologiyalarini ishlab chiqish;
Siderat ekinlar, organik materiallar va biologik preparatlardan foydalanishning tuproq unumdorligiga ta’sirini baholash;
Ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalarni fermer va agroklaster xoʻjaliklari sharoitida sinovdan oʻtkazish va amaliyotga joriy qilish.
Biografiya
Berdiev Tolib Tursunniyazovich 1982-yil 20-yanvarda Surxondaryo viloyati Angor tumanida tugʻilgan. 2005-yilda Toshkent davlat agrar universitetini, 2009-yilda Oʻzbekiston Milliy universitetini «Agrokimyo va agrotuproqshunoslik» mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 2018-yilda biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini, 2021-yilda katta ilmiy xodim unvonini olgan.
2005-yildan buyon tuproqshunoslik va agrokimyo sohasida ilmiy faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda Qishloq xoʻjaligi vazirligi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti Tuproqlar biogeokimyosi, kimyoviy va fizik-kimyoviy holatini maqbullashtirish boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Ilmiy faoliyati tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish, tuproqlarning kimyoviy va fizik-kimyoviy holatini baholash, shoʻrlanish va shoʻrtoblanish jarayonlarini boshqarish, degradatsiyaga uchragan tuproqlarni tiklash hamda organik va organomineral oʻgʻitlardan samarali foydalanish yoʻnalishlariga qaratilgan. Uning tadqiqotlari Toshkent, Mirzachoʻl, Surxondaryo va Orolboʻyi hududlaridagi tuproqlarni qamrab oladi.
Tadqiqotlari asosida «Tuproqni organik moddaga boyitish agrotexnologiyasi» ishlab chiqilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi fermer xoʻjaliklarida joriy etilgan.
150 dan ortiq ilmiy maqola, 1 ta uslubiy va oʻquv-uslubiy qoʻllanma hamda 5 dan ortiq tavsiyanoma muallifi. Ilmiy kadrlar tayyorlashda ham faol ishtirok etib, uning rahbarligida 1 nafar stajyor-tadqiqotchi va 2 nafar tayanch doktorant ilmiy izlanish olib bormoqda. 2022-yildan OAK huzuridagi ilmiy kengash va ilmiy seminar faoliyatida kotib va a’zo sifatida ishtirok etib kelmoqda. 2024-yilda Niderlandiyaning Wageningen akademiyasida stajirovka oʻtagan, FAO, IWMI va UNDP kabi xalqaro tashkilotlar bilan bogʻliq loyihalarda ishtirok etgan.