Agrar ilm-fanida yangi bosqich: tizim islohoti va ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Yangiliklar

Agrar ilm-fanida yangi bosqich: tizim islohoti va ustuvor vazifalar muhokama qilindi

2 daqiqa oʻqish 145 marta koʻrilgan

📌Bugun Qishloq xoʻjaligi vazirligi masʼullari hamda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbariyati boshchiligida vazirlik tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari faoliyatiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

💻Video-konferens-aloqa shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PF–40-son Farmoni — “Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi hujjat ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha koʻrib chiqildi.

🏛Qayd etilganidek, mazkur Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan ilmiy tashkilotlarni qabul qilish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Natijada Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar, Chorvachilik va parrandachilik, Baliqchilik, Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklari urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Milliy markaz tizimiga oʻtkazildi.

🔬Yigʻilishda agrar ilm-fanni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, grant loyihalarini samarali oʻzlashtirish, yangi navlar yaratish, seleksiya ishlarini rivojlantirish hamda ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliy muhokama qilindi.

🌾 Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot institutlarining hududlardagi ilmiy tajriba stansiyalari faoliyati va yer maydonlaridan samarali foydalanish holati tanqidiy koʻrib chiqildi. Ayrim yoʻnalishlarda mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayotgani, bugungi iqlim oʻzgarishi sharoitida hududlar iqlimiga mos, yuqori hosildor va eksportbop meva-sabzavot navlarini yaratish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

💬 Muhokamalar davomida ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlarining taklif va mulohazalari eshitilib, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish hamda ilmiy muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

🤝 Yigʻilishda, shuningdek, yaqinda oʻtkazilgan Oʻzbekiston—Italiya xalqaro forumi doirasida erishilgan ilmiy hamkorlik kelishuvlari ijrosini jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Yaqin kunlarda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston—Ispaniya forumi doirasida esa qishloq xoʻjaligi ilm-fani sohasida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan qoʻshma loyihalar boʻyicha aniq takliflar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

📋 Shuningdek, 2026-yilning ikkinchi yarim yilligi uchun ilmiy-tadqiqot muassasalari ish rejalarini qayta koʻrib chiqish, ularni zamonaviy talablar va soha ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

🚀 Yigʻilish yakunida qishloq xoʻjaligini HECI tamoyillari asosida rivojlantirish, shuningdek oliy taʼlim, ilm-fan, ishlab chiqarish, innovatsiyalar, tijoratlashtirish va xalqaro hamkorlik oʻrtasidagi integratsiyani kuchaytirish agrar sohani rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan biri ekani alohida taʼkidlandi.

Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI