🗣BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” (FOLUR–Oʻzbekiston) loyihasi doirasida Loyiha boshqaruv kengashining toʻrtinchi yigʻilishi oʻtkazildi. Tadbirda Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, FAO hamda xalqaro hamkorlar — IUCN va ICARDA vakillari ishtirok etdi.
ℹ️Mazkur loyiha Global ekologik jamgʻarma (GEF) moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda va Oʻzbekistonda barqaror yer resurslarini boshqarish, oziq-ovqat tizimlarini takomillashtirish hamda degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklashga qaratilgan. Yigʻilishda loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi taqdim etildi, byudjet va yil davomida bajariladigan ishchi rejalar muhokama qilindi.
🚜Loyiha doirasida qishloq xoʻjaligida innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan bir qator amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Braziliyada ishlab chiqarilgan 6 dona "no-till" seyalka hududlardagi fermer xoʻjaliklariga yetkazib berildi. Shu bilan birga, 85 ta xonadonga kichik issiqxonalar qurib berildi, 73 nafar fuqaroga motokultivatorlar, 6 nafar fuqaroga oʻrim uskunalari taqdim etildi.
Hududlarda tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari hamda biooʻgʻitlar yetkazib berilib, qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlari — bugʻdoy, noʻxat, zigʻir, mosh, kunjut, kungaboqar va boshqa ekinlar tarqatildi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida suv tanqisligi sharoitida “Ice Stupa” texnologiyasi asosida sunʼiy muzliklar barpo etildi, bu esa bahor-yoz oylarida qoʻshimcha sugʻorish imkonini beradi.
🗣Yigʻilish davomida xalqaro seminarlar, treninglar va tajriba almashish tashabbuslari ham muhokama qilindi, hamkorlikni mustahkamlash va loyiha samaradorligini oshirish yoʻllari belgilab olindi.
Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI




