🔴2026-yil 20–26-iyul kunlari Ispaniyaning Valensiya shahrida 1-Xalqaro Yer Degradatsiyasi va Tiklash Konferensiyasi (1st International Conference on Land Degradation and Restoration) oʻtkazilmoqda.
➡️Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda yer degradatsiyasining sabablari va oqibatlari, iqlim oʻzgarishining tuproq hamda yer resurslariga taʼsiri, tuproq eroziyasi va shoʻrlanishining oldini olish, choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash, tuproq sogʻlomligini tiklash, tabiatga asoslangan yechimlar (Nature-based Solutions), yer resurslarini samarali boshqarish, barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirish hamda uglerodni tuproqda saqlash kabi dolzarb ilmiy-amaliy masalalar keng muhokama qilinadi.
🔵Konferensiya doirasida mavzuga oid yalpi va shoʻba sessiyalari, yetakchi olimlarning maʼruzalari hamda amaliy dala ekskursiyalari tashkil etildi. Ishtirokchilar Valensiya va uning atrofidagi qirgʻoq hududlari, sugʻoriladigan plantatsiyalar, lalmi dehqonchilik yerlari, uzumzorlar va tabiiy ekotizimlarda kuzatilayotgan degradatsiya jarayonlari hamda ularni tiklash boʻyicha ilgʻor tajribalar bilan yaqindan tanishishmoqda.
✅Ushbu xalqaro konferensiyada dunyoning koʻplab davlatlaridan qishloq xoʻjaligi, tuproqshunoslik va ekologiya yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan olim va mutaxassislar ishtirok etdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori professor Sh. Bobomurodov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha direktor oʻrinbosari professor N. Abduraxmonov, shuningdek, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining rahbar va ilmiy xodimlari ham konferensiya ishlarida faol qatnashish asnosida ular xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy ilmiy yondashuvlar va innovatsion tajribalarni oʻrganish hamda oʻzaro tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻlishmoqda.
❗️Mazkur xalqaro anjumanda ishtirok etish institut olimlarining ilmiy salohiyatini yanada oshirish, yer resurslarini muhofaza qilish va tiklash borasidagi ilgʻor xorijiy tajribalarni milliy amaliyotga joriy etish, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Kelgusida mazkur yoʻnalishda qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, innovatsion loyihalar va tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Manba: Telegram kanali





