Oʻzbekiston tuproqshunos olimlari Xitoydagi nufuzli xalqaro ilmiy konferensiyada mamlakatimiz ilmiy salohiyatini namoyon etmoqda
Yangiliklar

Oʻzbekiston tuproqshunos olimlari Xitoydagi nufuzli xalqaro ilmiy konferensiyada mamlakatimiz ilmiy salohiyatini namoyon etmoqda

2 daqiqa oʻqish 404 marta koʻrilgan

⚡️Joriy yilning 24–28-iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xoʻjaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Agroekologik atrof-muhitni muhofaza qilish instituti tomonidan tashkil etilgan "Voha qishloq xoʻjaligining iqlim oʻzgarishiga chidamliligi va barqaror rivojlanishi" mavzusiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy konferensiyada Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari faol ishtirok etmoqda.

➡️Nufuzli xalqaro anjumanda institutning “Tuproq geografik axborot tizimlari va pedometrika boʻlimi” boshligʻi Zafar Baxodirov hamda institutning Xorazm mintaqaviy boʻlinmasi direktori Maqsudbek Kariyev mamlakatimiz nomidan qatnashib, tuproq resurslarini boshqarish, agroekologiya va zamonaviy raqamli texnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasidagi ilmiy ishlanmalarni xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola etmoqda.

🔵Konferensiya doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan olimlar va mutaxassislar ishtirokida agroekologik tizimlarni rivojlantirish, tuproq resurslarini muhofaza qilish, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash hamda barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan ilgʻor ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar muhokama qilinmoqda. Shuningdek, ishtirokchilar ilmiy-amaliy tajribalar almashib, istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlarini belgilash yuzasidan muloqotlar olib bormoqda.

🕐Anjuman doirasida Xitoyning Chanji shahrida xizmat safarida boʻlib turgan oʻzbekistonlik olim Zafar Baxodirov “Oʻzbekistonda tuproq resurslarini barqaror boshqarishda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar” mavzusida maʼruza qildi. Taqdimotda mamlakatimizda tuproq resurslarini samarali boshqarish, ularning holatini doimiy monitoring qilish, degradatsiya jarayonlarini baholash hamda yer resurslaridan oqilona foydalanishda sunʼiy intellekt, geografik axborot tizimlari (GIS), masofadan zondlash va boshqa zamonaviy raqamli yechimlarning imkoniyatlari keng yoritildi.

🕐Taʼkidlanganidek, bugungi kunda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, tuproq unumdorligini saqlash, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda tabiiy resurslardan samarali foydalanishda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, ilgʻor ilmiy yutuqlarni amaliyotga keng tatbiq etish, xalqaro tajribalarni oʻrganish va innovatsion yondashuvlarni joriy etish mamlakatimiz agrar tarmogʻining raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

🟢Mazkur xalqaro konferensiyada Oʻzbekiston olimlarining ishtiroki ilmiy salohiyatimizni xalqaro maydonda keng namoyon etish, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda tuproq resurslarini barqaror boshqarish boʻyicha ilgʻor tajribalarni mamlakatimiz amaliyotiga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Manba: Telegram kanali