MUSTAQILLIK — ENG ULUG‘ QADRIYAT, MEHNAT — ENG YUKSAK SHARAF!
Yangiliklar

MUSTAQILLIK — ENG ULUG‘ QADRIYAT, MEHNAT — ENG YUKSAK SHARAF!

3 daqiqa oʻqish 158 marta koʻrilgan

Aziz yurtdoshlar, qadrli dehqon va fermerlar, agrar sohaning fidoyi vakillari!

Sizlarni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Mustaqillik — bu milliy gʻururimiz, erkin va ozod hayotimiz, bunyodkorlik va taraqqiyot yoʻlimizning buyuk timsolidir. Oʻtgan 35 yil davomida xalqimiz oʻzining mustahkam irodasi, bunyodkorlik salohiyati va fidokorona mehnati bilan ulkan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi.

Bugun Yangi Oʻzbekiston oʻz oldiga yuksak maqsadlar qoʻyib, yangi marralar sari dadil odimlamoqda. Bu jarayonda qishloq xoʻjaligi sohasi ham chuqur islohotlar, zamonaviy yondashuvlar va ilgʻor texnologiyalar asosida yangilanib, mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda tobora muhim oʻrin egallamoqda.

Davlatimiz rahbari rahnamoligida agrar sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar oʻzining amaliy natijalarini bermoqda. Yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, fermer va dehqonlar manfaatlarini qoʻllab-quvvatlash borasida muhim qadamlar tashlanmoqda.

Bu yil dalalarimizdagi zahmatli mehnat yana bir bor oʻz samarasini koʻrsatdi. Gʻalladan 10 million tonnalik hosil yetishtirishga erishildi. Ayni paytda dehqon va fermerlarimiz dalalarida yangi hosil — paxta uchun masʼuliyatli yigʻim-terim mavsumi arafasidamiz. Paxtachilik sohasida ham koʻzlagan marralarimiz ulkan. Mavsum yakunida 4,5 million tonna paxta yetishtirish koʻzda tutilmoqda.

Kartoshkachilikda ham moʻl hosil sari dadil qadamlar tashlanmoqda. Hozirga qadar 3,2 million tonna kartoshka yetishtirildi. Yil yakuniga qadar esa bu koʻrsatkichni 4,5 million tonnaga yetkazish prognoz qilinmoqda.

Bu raqamlar ortida millionlab insonlarning halol mehnati, tun-u kun qilgan zahmati, ona zaminga boʻlgan mehr-muhabbati va Vatanga sadoqati mujassam.

Dala mehnati — sharafli mehnat. Har bir ekilgan urug‘, parvarishlangan nihol, yetishtirilgan hosil ortida xalqimiz dasturxoni, oilalarimiz farovonligi va yurtimiz osoyishtaligi namoyon. Shu bois har bir dehqon va fermerning mehnati — Vatan ravnaqiga qoʻshilgan munosib hissadir.

Bu keltirilganlarimiz agrar soha yutuqlarining bir qismi xolos. Bugun agrar soha xodimlari qishloq xoʻjaligining barcha yoʻnalishlarida ham mana shunday ulkan natijalarga erishgan holda mamlakatimiz istiqlolining 35 yillik toʻyini munosib qarshi olmoqda.

Kelgusidagi rejalar esa yanada ulkan. Suvni tejash, yer unumdorligini oshirish, innovatsiyalarni keng joriy etish, yaylovlar samaradorligini oshirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport salohiyatini yuksaltirish va agrar sohani yanada raqobatbardosh qilish yoʻlida barcha imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Zero, mustaqil Oʻzbekistonning kuchi — uning xalqida, xalqimizning kuchi esa uning birlik va fidokorona mehnatidadir!

Fursatdan foydalanib, Vatanimiz tuprogʻida halol mehnat qilayotgan aziz dehqon va fermerlarimizga, agrar soha olimlari va mutaxassislariga, barcha mehnatkash yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Shu ulug‘ ayyomda barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy xotirjamlik, fayzu baraka va farovon hayot tilayman.

Yurtimiz tinch boʻlsin, xalqimizning dasturxoni toʻkin boʻlsin, dalalarimiz hosildor, mehnatimiz samarali boʻlsin!

Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!
35 yillik muborak ayyom barchamizga qutlug‘ kelsin!

Yangi Oʻzbekistonimizning buyuk kelajagi yoʻlidagi ezgu ishlarimiz bardavom boʻlsin!

Ibrohim Abdurahmonov
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri

Manba: Telegram kanali · Ibrohim Abdurahmonov