Oʻzbekiston–Niderlandiya: agrar sohada xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Yangiliklar

Oʻzbekiston–Niderlandiya: agrar sohada xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

1 daqiqa oʻqish 222 marta koʻrilgan

🌱 Bugun qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Niderlandiyaning Oʻzbekistondagi vakili Olimjon Qosimov bilan uchrashdi.

✍️ Muloqot ikki davlat oʻrtasida agrar sohada shakllanib borayotgan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga bagʻishlandi.

🍔 Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xoʻjaligi tarmogʻini modernizatsiya qilish, ilgʻor tajribalarni joriy etish va innovatsion yondashuvlarni keng qoʻllash masalalarini muhokama qildilar. Xususan, issiqxonachilik yoʻnalishida Niderlandiyaning dunyoda eʼtirof etilgan ilgʻor tajribasini Oʻzbekistonda tatbiq etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada mahalliy mutaxassislar va fermerlar uchun seminar-treninglar tashkil etish, bilim va tajriba almashuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar ilgari surildi.

⬛️ Shuningdek, uchrashuvda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari import va eksport hajmini oshirish, logistika va savdo zanjirlarini yanada takomillashtirish muhimligi taʼkidlandi. Tomonlar oʻzaro savdo aloqalarini kengaytirish orqali har ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari uchun yangi bozorlar ochilishi mumkinligini qayd etdilar.

🌱 Muloqot jarayonida gulchilik yoʻnalishida ham hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ushbu sohada Niderlandiyaning tajribasi va texnologiyalaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

☺️ Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuv va takliflarni amaliy bosqichga oʻtkazish, hamkorlik doirasidagi ishlarni jadallashtirish zarurligini taʼkidladilar.

Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI