Iqlim oʻzgarishi sharoitida Oʻzbekiston agrar strategiyasi
Yangiliklar

Iqlim oʻzgarishi sharoitida Oʻzbekiston agrar strategiyasi

2 daqiqa oʻqish 295 marta koʻrilgan

🌱Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov iqlim oʻzgarishi sharoitida barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Turkmanistonning Ashxobod shahrida boʻlib turibdi.

💻Tashrif doirasida vazir FAO Bosh direktori Syuy Dunyuy bilan nonushta chogʻida norasmiy uchrashuv oʻtkazdi. Suhbat davomida iqlim oʻzgarishining qishloq xoʻjaligiga taʼsiri, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini shakllantirish boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

⬆️Shuningdek, vazir Ashxobod shahridagi “Yyldiz” mehmonxonasida oʻtkazilayotgan “Iqlim oʻzgarishi sharoitida barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini shakllantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada maʼruza bilan ishtirok etdi. Oʻz nutqida Ibrohim Abdurahmonov iqlim oʻzgarishi sharoitida qishloq xoʻjaligi barqarorligini taʼminlash Oʻzbekiston agrar siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.

🟢Vazir mamlakatimizda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, iqlimga mos ekin navlarini rivojlantirish, raqamli va innovatsion agrotexnologiyalar orqali hosildorlikni oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarga toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, ushbu yoʻnalishda xalqaro tashkilotlar, jumladan FAO bilan yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

➕Mazkur konferensiya Oʻzbekistonning iqlimga mos qishloq xoʻjaligi tajribasini xalqaro maydonda namoyish etish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini shakllantirish boʻyicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishda muhim platforma boʻlib xizmat qilmoqda.

✅Yapli majlis yakunida ishtirokchilar bilan birgalikda yakuniy suratga tushildi. Shuningdek, vazir Ibrohim Abdurahmonov oʻz muallifligidagi ilmiy kitobni FAO Bosh direktori Syuy Dunyuyga sovgʻa qildi.

Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI