Oʻzbekiston va Rossiya: agrokimyo va tuproqshunoslik sohasida ilmiy hamkorlikning yangi bosqichi
Yangiliklar

Oʻzbekiston va Rossiya: agrokimyo va tuproqshunoslik sohasida ilmiy hamkorlikning yangi bosqichi

2 daqiqa oʻqish 425 marta koʻrilgan

📆Shu kunlarda Moskva shahrida D.N. Pryanishnikov nomidagi Butunrossiya agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilganining 95 yilligiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtmoqda.

🟢«Agrokimyoning oʻsimlik mahsulotlari ishlab chiqarishni taʼminlash va tuproqlar unumdorligini saqlashdagi roli» mavzusida oʻtkazilayotgan nufuzli ilmiy anjumanda Rossiya, Oʻzbekiston va boshqa davlatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etmoqda.

🔴Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori, professor Shuhrat Bobomurodov ishtirok etib, Oʻzbekistonda tuproqshunoslik va agrokimyo sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy yondashuvlar hamda sohadagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot qildi.

📝Tadbir doirasida Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamda D.N. Pryanishnikov nomidagi Butunrossiya agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha kelishuv imzolandi.

⏺Mazkur kelishuv ilmiy-tadqiqotlar, ekspert-tahliliy va ilmiy-uslubiy yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma ilmiy loyihalar va dasturlarni amalga oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda tajriba almashish uchun muhim huquqiy va ilmiy asos boʻlib xizmat qiladi.

⏺Konferensiyada tuproq unumdorligini saqlash va tiklash, agrokimyoviy tadqiqotlarni raqamlashtirish, oʻsimliklarning mineral oziqlanishini boshqarish, iqlim oʻzgarishining tuproq va agroekotizimlarga taʼsiri, zamonaviy oʻgʻitlardan samarali foydalanish kabi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

⏺Ayniqsa, Oʻzbekiston va Rossiya olimlari oʻrtasidagi ilmiy muloqot tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini saqlash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish samaradorligini oshirish boʻyicha ilmiy yondashuvlarni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

✅Telegram: TATI Soil

#Xalqaro_ilmiy_konferensiya #Tuproqshunoslik #Agrokimyo

Manba: Telegram kanali