Tuproq aeratsiyasi nima, uning oʻsimliklarga taʼsiri qanday?
Yangiliklar

Tuproq aeratsiyasi nima, uning oʻsimliklarga taʼsiri qanday?

2 daqiqa oʻqish 119 marta koʻrilgan

Tuproq aeratsiyasi nima, uning oʻsimliklarga taʼsiri qanday?

🧊Tuproq aeratsiyasi – bu tuproqdagi havo almashinuvi jarayoni boʻlib, uning tarkibida yetarlicha kislorod boʻlishini taʼminlaydi. Har bir oʻsimlikning ildiz tizimi kislorodga muhtoj boʻlib, bu jarayon ildizlarning sogʻlom oʻsishi, suv va ozuqa moddalarini singdirishi uchun juda muhimdir.

🔵Tuproqning havo oʻtkazuvchanligi past boʻlsa, ildizlar kislorod yetishmovchiligidan aziyat chekadi va oʻsimliklarning rivojlanishi sustlashadi. Masalan, havo oʻtkazuvchanlik 15% dan past boʻlsa, oʻsimliklarning ildizlari mineral moddalarni singdirish qobiliyatini yoʻqotadi.

🔢10% dan past boʻlsa, ildizlarning rivojlanishi deyarli toʻxtaydi va oʻsimlik oʻsishdan qoladi. 5% dan past boʻlsa, ildizlarning nobud boʻlishi boshlanadi va anaerob bakteriyalar rivojlanib, chirish jarayoni yuzaga keladi. Tuproq aeratsiyasining muhim foydalari quyidagilardan iborat:

➖Kislorod bilan taʼminlangan ildizlar ozuqa moddalarini tezroq singdiradi;
➖Yaxshi aeratsiya suvning tuproq qatlamlariga bir tekis singishini taʼminlaydi va botqoqlanishning oldini oladi;
➖Kislorod mikroorganizmlar uchun ham kerak boʻlib, ular organik moddalarni parchalash orqali tuproq unumdorligini oshiradi;
➖Yaxshi aeratsiyalarga tuproqda patogen bakteriyalar va zamburugʻlar kamroq uchraydi.

Tuproqning havo oʻtkazuvchanligini pasaytiruvchi sabablar

💬Traktor va boshqa ogʻir texnikalar taʼsirida tuproq qatlamlari bosilib, havo oʻtkazuvchanligi kamayadi. Tuproqdagi havo boʻshliqlari suv bilan toʻlib, ildizlarning kislorod olishini cheklaydi. Undagi organik qoldiqlarning yetishmasligi ham tuproqni zichlashtiradi. Tuproq juda chuqur yoki notoʻgʻri vaqt oraligʻida haydalgan boʻlsa zichlashishi mumkin.

⏫Bu holatni yaxshilash uchun maxsus tuproq yumshatuvchi texnikalar yoki vilka kabi vositalar bilan tuproqni boʻshatish lozim. Bunda kompost, torf va chirigan goʻng ham tuproq tuzilishini yaxshilaydi. Shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish orqali ham zich qatlamlarni boʻshatish mumkin.

🌀Qolaversa, somon, yogʻoch qipigʻi yoki barglardan foydalanish, makkajoʻxori, beda kabi oʻsimliklarni ekish, yerni kamida 20-25 sm chuqurlikda haydash bilan bu muammoni hal etish mumkin. Biroq, yerni haydashda meʼyor va tartibni saqlash lozim. Tajribasizlik oqibatida muammoni yanada jiddiylashtirib yuborish hech gap emas.

✅Qumli tuproqlar yaxshi aeratsiyaga ega, lekin suvni kam saqlaydi, ogʻir gil tuproqlar esa aksincha – suvni yaxshi ushlab turadi, lekin havo oʻtkazuvchanligi past. Ahamiyatlisi, qurtlar va baʼzi bakteriyalar ham tuproqning havo oʻtkazuvchanligini oshirishga yordam beradi. Unutmang, yaxshi aeratsiyalangan tuproq – sogʻlom hosil garovi!

Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI