🇨🇳🇺🇿Kuni kecha Xitoy poytaxti — Pekin shahrida Oʻzbekiston–Xitoy qishloq xoʻjaligi Quyi qoʻmitasining 6-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
👥Unda Oʻzbekiston tomonidan Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Shukurov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Xitoy tomondan esa Qishloq xoʻjaligi va qishloq ishlari vaziri oʻrinbosari Chjan Chjili hamda tegishli idoralar vakillari qatnashdi.
ℹ️Uchrashuv davomida tomonlar oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan batafsil fikr almashdilar. Xususan, urugʻchilik tizimini takomillashtirish, yuqori hosildor va iqlim sharoitiga mos navlarni joriy etish, seleksiya va genetik tadqiqotlarni chuqurlashtirish borasida kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, veterinariya sohasida kasalliklarning oldini olish, yangi vaksinalarni yaratish boʻyicha tadqiqot ishlarini olib borish, diagnostika va monitoring tizimlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy laboratoriyalarni rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish borasida ham dastlabki kelishuvga erishildi.
🗣Yer degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini saqlash va tiklash, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari ham kun tartibidan muhim oʻrin oldi. Tomonlar ushbu yoʻnalishda innovatsion agrotexnologiyalar, jumladan, resurs tejovchi usullar, raqamli monitoring va agroekologik yondashuvlarni joriy etish boʻyicha tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
📝Ilmiy-tadqiqot sohasida esa qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy markazlar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, agrar taʼlim tizimida tajriba almashish hamda mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha aniq takliflar ilgari surildi. Ayniqsa, yosh mutaxassislarni tayyorlash, qisqa va uzoq muddatli oʻquv dasturlarini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
🤔Muloqot yakunida tomonlar yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlar boʻyicha amaliy choralarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI

