Shoʻr va qurgʻoqchilikka bardoshli sholi navlari ustida ilmiy tadqiqotlar davom etmoqda
Yangiliklar

Shoʻr va qurgʻoqchilikka bardoshli sholi navlari ustida ilmiy tadqiqotlar davom etmoqda

2 daqiqa oʻqish 200 marta koʻrilgan

❗️Xorazm viloyatida sugʻoriladigan yerlarning katta qismi turli darajada shoʻrlangan boʻlib, bu holat qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ayniqsa, yer osti suvlarining yuza joylashishi, yuqori harorat va kam yogʻingarchilik kabi omillar tuproq shoʻrlanishining kuchayishiga sabab boʻladi.

💬Shu munosabat bilan “Shoʻrlangan tuproq sharoitida sholining mahalliy va xorijiy navlarini oʻsib rivojlanishini oʻrganish hamda qurgʻoqchilikka va shoʻrga chidamli sholi navlarini yaratish” boʻyicha loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha 2025-yil avgust oyida boshlangan boʻlib, 2028-yil yakuniga qadar davom etishi rejalashtirilgan.

🇯🇵Yaponiyaning sholichilik boʻyicha bilim va texnologiyalarining transferini amalga oshirish orqali turli darajada shoʻrlangan tuproqlarda mahalliy va xorijiy sholi navlarining oʻsish va rivojlanish xususiyatlarini oʻrganish, xususan yetishtirish uchun ularni genetik takomillashtirish hamda ularning shoʻrlikka chidamlilik darajasini baholash, shuningdek, qurgʻoqchilikka va shoʻrga chidamli sholi navlari yaratiladi.

🌾Xususan kam, oʻrtacha va kuchli shoʻrlangan tuproqlar sharoitida Yaponiyadan keltirilgan sholining Nipponbare, IR64, Pokkali, Nona Bokra va FL478 navlari hamda mahalliy Lazurniy va Iskandar navlari koʻchat va urugʻdan ekish usullarida sinovdan oʻtkazilmoqda.

ℹ️Tajribalar davomida sholi navlarining unib chiqishi, oʻsish va rivojlanish dinamikasi, fenologik fazalarga oʻtish muddatlari, hosildorligi hamda don sifati koʻrsatkichlari oʻrganiladi. Shuningdek, tuproqning elektr oʻtkazuvchanligi va muhit reaksiyasi (pH) muntazam ravishda nazorat qilinadi.

🌲Tadqiqot jarayonida tuproqning agrokimyoviy holati ham baholanib, uning tarkibidagi chirindi, ozuqa elementlarning (NPK) umumiy va harakatchan shakllari aniqlanadi. Barcha kuzatuvlar va tahlillar amaldagi uslubiy qoʻllanmalar asosida bajarilmoqda.

Mazkur tadqiqot natijalari asosida Xorazm viloyati sharoitida turli shoʻrlanishga chidamli, yuqori hosildor sholi navlarini tanlash va amaliyotga joriy etish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu esa hududda sholi yetishtirish samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI