Tuproq sogʻlomligi – oziq-ovqat xavfsizligining asosi
Yangiliklar

Tuproq sogʻlomligi – oziq-ovqat xavfsizligining asosi

2 daqiqa oʻqish 471 marta koʻrilgan

🔵Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi T. Atakulov boshchiligidagi ishchi guruh Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv davomida institut direktori Sh. Bobomurodov va institut masʼullari hamrohligida ilmiy boʻlimlar, laboratoriyalar va yaratilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirildi. Boʻlim rahbarlari va ilmiy xodimlar bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari atroflicha muhokama qilindi.

🟢Alohida taʼkidlanganidek, bugun qishloq xoʻjaligida hosildorlikni oshirishning oʻzi yetarli emas. Eng muhimi – tuproq sogʻlomligini asrash, uning haqiqiy holatini ilmiy asosda baholash va kelajak avlodlar uchun saqlab qolishdir. Shu nuqtai nazardan, tuproq tarkibidagi shoʻrlanish, pestitsid qoldiqlari, ogʻir metall elementlari hamda oʻsimliklar uchun muhim boʻlgan mikroelementlarni muntazam oʻrganish dolzarb vazifa sifatida qayd etildi.

🟢Shuningdek, Tuproq sogʻlomligi xaritasini yaratish, tuproq unumdorligini saqlash, mikroelementlar muvozanatini nazorat qilish va ishonchli maʼlumotlar bazasini shakllantirish sohaning bugungi kundagi eng muhim yoʻnalishlaridan biri ekani taʼkidlandi. Zero, sogʻlom tuproqsiz sifatli hosil, ekologik toza mahsulot va mustahkam oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash mumkin emas.

✅Uchrashuv doirasida “Tuproqlar biogeokimyosi, kimyoviy va fizik-kimyoviy holatini maqbullashtirish”, “Tuproq monitoringi, ekologiyasi, unumdorligini baholash va degradatsiyaga uchragan tuproqlar unumdorligini tiklash”, “Tuproq agrokimyosi va oʻsimliklar oziqlanishini maqbullashtirish”, Tuproq geografik axborot tizimlari va pedometrika hamda “Shoʻrlangan tuproqlar genezisi, geografiyasi va melioratsiyasi” boʻlimlari faoliyatlari bilan tanishildi. Ilmiy loyihalar, tuproqlar monitoringini yuritish, smart oʻgʻitlash texnologiyalari, tuproq maʼlumotlarini raqamlashtirish va geoportalga integratsiya qilish ishlari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazildi.
Ishchi guruh institut laboratoriyasidagi zamonaviy tahlil uskunalari bilan yaqindan tanishdi.

🕐Laboratoriyada mavjud asbob-uskunalar bilan tuproq namunalari tarkibidagi asosiy koʻrsatkichlarni aniqlash boʻyicha tahlillarni amalga oshirish imkoniyatiga ega ekani qayd etildi. Shu bilan birga, ushbu ilmiy salohiyatdan yanada samarali foydalanish, laboratoriya quvvatini toʻliq ishga solish va tahlillar koʻlamini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

➡️Shuningdek, institutda olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari, tashkil etilayotgan Tuproq muzeyi, zamonaviy kutubxona, xodimlar uchun yaratilayotgan infratuzilma hamda tajriba maydonlari koʻzdan kechirildi.

🔵Uchrashuv yakunida institut jamoasi bilan oʻtkazilgan uchrashuvda bugungi kunda tuproqshunos olimlar zimmasidagi masʼuliyat har qachongidan ham yuqori ekani taʼkidlandi. Ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, amaliy yechimlarni keng joriy etish va tuproq resurslarini muhofaza qilish mamlakat qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Manba: Telegram kanali