Yer degradatsiyasini neytrallashtirish boʻyicha zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi
Yangiliklar

Yer degradatsiyasini neytrallashtirish boʻyicha zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi

2 daqiqa oʻqish 232 marta koʻrilgan

🗣“Oʻzbekistonda qurgʻoqchilikka uchragan ekotizimlardagi oʻrmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” (GCP/UZB/020/GFF) loyihasi doirasida Fermerlar dala maktabi uchun Yer degradatsiyasini neytrallashtirish (LDN) mavzusida bir kunlik oʻquv-trening tashkil etildi.

🌱Tadbirda Qishloq xoʻjaligi vazirligining masʼul xodimlari, loyiha ekspertlari, soha mutaxassislari hamda mahalliy yer va tabiiy resurslardan foydalanuvchilar ishtirok etdi.

ℹ️Trening davomida yer degradatsiyasini baholashning zamonaviy usullari hamda integratsiyalashgan yer resurslaridan foydalanishni rejalashtirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur yondashuvlar BMTning Choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasi (UNCCD) doirasida ishlab chiqilgan boʻlib, yer resurslari salohiyatini saqlash bilan birga aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

📊Taʼkidlanganidek, iqlim oʻzgaruvchanligi, ekotizimlar xilma-xilligi va yerdan foydalanishning murakkab xususiyatlari tufayli standart global metodologiyalar submilliy darajada, ayniqsa Orolboʻyi hududlarida, har doim ham kutilgan natijalarni bermasligi kuzatilmoqda. Shu bois Buxoro va Navoiy viloyatlari sharoitiga moslashtirilgan yondashuvlar ishlab chiqildi.

🌲Loyiha doirasida mahalliy yer va tabiiy resurslardan foydalanuvchilar uchun submilliy LDN maqsadlarini belgilash boʻyicha qoʻllanmalar, shuningdek, pilot hududlarda yaylov, oʻrmon va yer resurslaridan foydalanishni rejalashtirish boʻyicha amaliy tavsiyalar tayyorlandi.

✅Treningning asosiy maqsadi ishtirokchilarda yer degradatsiyasini baholash va yer resurslarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlari boʻyicha yaxlit tushunchani shakllantirish, shuningdek, asosli qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan amaliy koʻnikmalarni rivojlantirishdan iboratdir.

Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI