🌱Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda qurgʻoqchilikka uchragan ekotizimlardagi oʻrmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” (GCP/UZB/020/GFF) loyihasi doirasida Fermerlar dala maktabi uchun Yer degradatsiyasini neytrallashtirish (LDN) mavzusida oʻquv-trening tashkil etildi.
✅Unda vazirlik mutaxassislari, loyiha ekspertlari, ilmiy doira vakillari hamda mahalliy yer va tabiiy resurslardan foydalanuvchilar ishtirok etib, yer degradatsiyasini baholash, yer resurslarini kompleks boshqarish va ularni rejalashtirishning zamonaviy yondashuvlari yuzasidan fikr almashdilar.
📊Treningda BMTning Choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasi (UNCCD) doirasida ishlab chiqilgan usullar, ularning milliy va hududiy sharoitlarda qoʻllanilishi, shuningdek, yer resurslaridan oqilona foydalanish orqali ekotizimlarni asrash va aholi farovonligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
✍️Mutaxassislar tomonidan Orolboʻyi hududlari, shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlarining tabiiy-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan submilliy yondashuvlar taqdim etildi. Loyiha doirasida yaylov, oʻrmon va boshqa yer resurslarini boshqarishga oid amaliy tavsiyalar hamda metodik qoʻllanmalar ishlab chiqilgani qayd etildi.
✅Tadbir yakunida oʻquv-treningni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, yer degradatsiyasini neytrallashtirish, barqaror yer resurslarini boshqarish hamda ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish boʻyicha olingan bilim va amaliy koʻnikmalarni hududlarda keng tatbiq etish muhim ekani taʼkidlandi.
Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI


