Amir_Temur
#690_yilligi

Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ma’rifiy tadbir mazmunli va ta’sirchan tarzda tashkil etildi. Tadbir dastlab kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘yilgani hamda Amir Temur muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishilganiga bag‘ishlangan qisqa metrajli videorolik namoyishi bilan boshlandi.

Shundan so‘ng, tarixchi olimalar va ijod ahli tomonidan Amir Temurning hayoti, davlatchilik faoliyati hamda uning boy ilmiy-badiiy merosi haqida qiziqarli va mazmunli taqdimotlarga navbat berildi.

Jumladan, O‘zMU “Tarix” fakulteti o‘qituvchilari — tarix fanlari doktori Sanobar Jo‘rayeva va tarix fanlari nomzodi Manzuraxon Baltabaeva tomonidan ma’ruzalar qilindi.

S. Jurayevaga ko‘ra, Amir Temur - tarixda nafaqat buyuk sarkarda, balki kuchli iroda va mustahkam ma’naviyat timsoli sifatida tanilgan shaxs. Uning hayoti mashaqqat, sinov va qattiq intizom bilan to‘lgan bo‘lib, bu jihatlar uning askarlari ruhiyatida ham yaqqol aks etgan. Va bu mashaqqatlar uni toblab, sabr-toqat, qat’iyat va strategik fikrlashini shakllantirgan. U har bir muvaffaqiyat ortida katta mehnat va intizom yotishini yaxshi anglagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va yozuvchi Nasrullo Ergash o‘z navbatida “Biz shu tuproqdan bunyod bo‘ldik, shu tuproq ustida yashayapmiz, u bizni boqmoqda, erta bir kun yana unga qaytajakmiz. U bizning ona Vatan!” - deya Amir Temur va uning ilmiy-badiiy meroslari haqida o‘z fikr mulohazalari bildirib, SOHIBQIRON haqidagi she’r namunalaridan o‘qib eshittirdi.

Bu shunday zot, uning shukuhі
Asrlarga tahlika solgan.
Bu shunday zot, hattoki ruhi
Urushlarni to'xtatib qolgan!
Bu shunday zot, qilichin kuchi
Zabt etolgan jahonni butun.
Bu shunday zot, haq so'zi uchun
Yopgan shoir yelkasiga toʻn!
***
Tadbir yakunida ishtirokchilar ham so‘zga chiqib, barcha qatnashchilarga o‘zlarining samimiy tilak va ezgu istaklarini bildirishdi. Bunday tadbirlar milliy merosimizni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish hamda yoshlarda vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

