Paxta maydonlari uchun mikroelementlar kartogrammasini ishlab chiqish
🔴Mikroelementlar kartogrammasi — bu tuproq tarkibidagi mis, rux, bor, marganets kabi elementlarning miqdori va tarqalishini xaritada aks ettiruvchi ilmiy hujjatdir. Ushbu kartogrammalar tuproq namunalarini laboratoriyada tahlil qilish asosida tuziladi.

✅Shu kunlarda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan Sirdaryo viloyati Guliston tumanida “Paxta ekiladigan maydonlar tuproqlarining mikroelementlar — Cu, Zn, Mn, B, Co, Mo bilan ta’minlanganlik kartogrammalarini ishlab chiqish” nomli pilot loyiha amalga oshirilmoqda.
🔴Ushbu loyihaning asosiy maqsadi — paxta maydonlari tuproqlarida muhim mikroelementlar miqdorini aniqlash, ularning yetarli yoki yetishmasligini baholash hamda fermerlar uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Mikroelementlar o‘z nima?
Mikroelementlar — tuproq va o‘simlik tarkibida juda kam miqdorda uchraydigan, lekin paxtaning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligi uchun juda zarur bo‘lgan oziqa elementlaridir.
Masalan:
Mis (Cu) — o‘simlikda modda almashinuvi va kasalliklarga chidamlilikni kuchaytiradi.
Rux (Zn) — paxtaning o‘sishi, gullashi va ko‘sak shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Marganes (Mn) — fotosintez jarayonida muhim ahamiyatga ega.
Bor (B) — gullash, changlanish va hosil elementlari shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.
Kobalt (Co) va molibden (Mo) — azot almashinuvi va tuproq unumdorligi bilan bog‘liq jarayonlarda ishtirok etadi.
Mikroelementlar yetishmasa, o‘simlik tashqi ko‘rinishda yashil bo‘lib ko‘rinsa ham, uning ichki fiziologik jarayonlari susayadi. Natijada hosil kamayadi, tola sifati pasayadi va o‘g‘itlardan foydalanish samaradorligi to‘liq namoyon bo‘lmaydi.
Kartogrammalar tuzish nima uchun kerak?
Kartogramma orqali har bir dala konturi bo‘yicha tuproqda qaysi mikroelement yetarli, qaysisi kam yoki ortiqcha ekani ko‘rsatiladi. Bu esa fermerlarga o‘g‘itlarni “taxminan” emas, balki tuproq tahliliga asoslangan holda, aniq me’yorda ilmiy asoslarga ko‘ra qo‘llash imkonini beradi.
Bunday yondashuv quyidagi natijalarga xizmat qiladi:
🔴 paxta hosildorligini oshirish;
🔴 mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish;
🔴 tuproq unumdorligini saqlash;
🔴 ortiqcha xarajatlarni kamaytirish;
🔴har bir dala uchun ilmiy asoslangan tavsiyalar tayyorlash.
🌏Mikroelementlar bo‘yicha tuproq xaritalari va agrokimyoviy kartogrammalar tayyorlash ishlari AQSH, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Braziliya, Avstraliya hamda Yevropa Ittifoqi davlatlarida keng qo‘llaniladi. Bu mamlakatlarda tuproq tahliliga asoslangan aniq dehqonchilik tizimi hosildorlikni oshirish va resurslarni tejashning muhim vositasi sifatida qaraladi.
📍Sirdaryo viloyati Guliston tumanida amalga oshirilayotgan mazkur pilot loyiha ham paxtachilikda ilmiy asoslangan, resurs tejamkor va samarali agrotexnologiyalarni joriy etish yo‘lida muhim amaliy qadam hisoblanadi.

