Dalada qolgan plastik qayoqqa ketadi?
Yangiliklar

Dalada qolgan plastik qayoqqa ketadi?

2 daqiqa oʻqish 154 marta koʻrilgan

🟦🟦🟦
Dalada qolgan plastik qayoqqa ketadi?

Koʻp fermerda bir xotirjamlik bor: "Maydonni yigʻishtirdim, chiqindini chetga surib qoʻydim – dala toza." Aslida esa qishloq xoʻjaligi yerida qolgan plastik bir nechta oʻzaro bogʻliq yoʻldan harakat qiladi va har biri oxir-oqibat yana insonga qaytishi mumkin.

Birinchi yoʻl – tuproq. Dalada qolgan plyonka, lenta va paket boʻlaklari yerga ishlov berish paytida tuproq bilan aralashadi, chuqurga kirib ketadi va yillar davomida yanada maydalanadi. Qishloq xoʻjaligi tuproqlari plastik ifloslanishining muhim toʻplanish joylaridan biriga aylanmoqda. Zarrachalarning turi, oʻlchami va miqdoriga qarab, ular tuproq tuzilishi, gʻovakligi, havo va suv harakati, shuningdek, unumdorlikni taʼminlaydigan foydali organizmlar hayotiga taʼsir qilishi mumkin.

Ikkinchi yoʻl – suv. Mayda plastik boʻlaklari ariq, kollektor, drenaj va sugʻorish suvi orqali bir daladan ikkinchisiga, undan daryo, koʻl va yer osti suvlariga tarqalishi mumkin. Demak, bugun sizning dalangizda qolgan bir parcha plastik ertaga qoʻshni maydonga, keyin esa butun suv tizimiga yetib borishi ehtimoldan xoli emas. Bu yerda hech bir xoʻjalik boshqalardan butunlay ajralgan emas.

Uchinchi yoʻl, eng tashvishlisi – oʻsimlik va oziq-ovqat zanjiri. Tajriba tadqiqotlari juda mayda zarrachalar, ayniqsa nanoplastiklar, muayyan sharoitlarda oʻsimlikka ildiz yoki barg orqali kirib, boshqa toʻqimalarga oʻtishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Yirikroq mikroplastiklar esa tuproq holati, suv va ozuqa moddalarining oʻzlashtirilishiga taʼsir qilib, oʻsimlikka bilvosita zarar yetkazishi mumkin. Real dala sharoitidagi dalillar hali toʻplanmoqda, ammo fotosintez, oʻsish va hosil sifatiga ehtimoliy taʼsirning oʻziyoq bugundan profilaktika choralarini koʻrish uchun yetarli asosdir.

📚 Qishloq xoʻjaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning "Yangi Oʻzbekiston" gazetasida chop qilingan maqolasidan olindi.

📖 Toʻliq maqolani quyidagi havola orqali oʻqishingiz mumkin: https://yuz.uz/oz/news/kozga-korinmas-xavf-mikroplastik-va-bizning-dalamiz

Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.

Manba: Telegram kanali · Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi