Hurmatli yurtdoshlar, qadrli agrar soha vakillari, fidoyi va zahmatkash dehqon hamda fermerlar!
Avvalo, siz azizlarni butun musulmon olami uchun ulug‘ va muqaddas bayramlardan biri boʻlgan muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bu fayzli ayyom har bir xonadonga quvonch, mehr-oqibat va ezgulik olib kirishi, qalblarimizni yanada yaqinlashtirib, yurtimizda tinchlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashiga tilakdoshman.
Xalqimiz azaldan Qurbon hayitini yuksak qadriyatlar, insoniylik va saxovat ayyomi sifatida ulugʻlab keladi. Ushbu muborak kunlarda nuroniy otaxon va onaxonlar holidan xabar olish, yaqinlar bilan diydorlashish, ehtiyojmand insonlarga yordam qoʻlini choʻzish, mehr va muruvvat ulashish kabi ezgu amallar xalqimizning bagʻrikeng va olijanob fazilatlarini yana bir bor namoyon etadi.
Ayniqsa, bugungi kunda yurtimizda inson qadri ulugʻlanib, “Inson uchun, uning baxtli hayoti uchun” degan ezgu tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatimizda mehr-oqibat, oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida Yangi Oʻzbekistonda barcha sohalar qatori qishloq xoʻjaligida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Siz kabi zahmatkash va fidoyi insonlarning mashaqqatli mehnati tufayli xalqimiz dasturxoni toʻkin, yurtimiz obod boʻlib bormoqda. Shu bois agrar soha vakillarining sharafli mehnati har qanday eʼtirof va tahsinga munosibdir.
Ushbu qutlug‘ va fayzli ayyomda barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka va farovonlik tilayman. Yaratgandan xalqimizning birdamligi, yurtimiz ravnaqi, osmonimiz musaffoligi hamda amalga oshirilayotgan barcha bunyodkor va xayrli ishlarning bardavom boʻlishini soʻrab qolaman.
Muborak Qurbon hayiti barchamizga qutlug‘ boʻlsin!
Hurmat bilan,
Qishloq xoʻjaligi vaziri,
Ibrohim Abdurahmonov
Manba: Telegram kanali · QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLIGI