2026-yil 3-iyun kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilm-fan va innovatsiyalar kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Kengash aʼzolari, fan yoʻnalishlari boʻyicha Ilmiy-texnik kengashlar (ITK) raislari va kotiblaridan iborat qariyb 50 nafar soha vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari, Ilm-fan va innovatsiyalar kengashi raisi Oʻktam Salomov ochib berdi.
Kirish soʻzida Kengashning yangilangan tarkibi tanishtirildi. Shuningdek, davlat ilmiy dasturlari doirasida tanlovlarni tashkil etish hamda ilmiy loyihalarni moliyalashtirishning bugungi holati yuzasidan maʼlumot berildi.
Yigʻilish davomida davlat ilmiy dasturlari doirasidagi loyihalarni saralash va moliyalashtirish jarayonlari atroflicha muhokama qilindi. Innovatsion rivojlanish agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A. Norov mazkur jarayonlarni tahlil qilib, Ilmiy-texnik kengashlar faoliyatida uchrayotgan ayrim muammo va kamchiliklarga toʻxtaldi hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ilgari surdi.
🌐 Batafsil
Bizni kuzating
Manba: Telegram kanali · Innovatsion rivojlanish agentligi








