🔴Institutda navbatdagi yigʻilish oʻtkazilib, tuproqshunoslik sohasini rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va ijro intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhim vazifalar belgilab olindi.
🟢Yigʻilishda institut direktori, professor Shuhrat Bobomurodov tomonidan “sohada uygʻonish davri allaqachon boshlangani” alohida taʼkidlanib, har bir xodimdan tashabbuskorlikni oshirish, dolzarb muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va ularning yechimi boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish talab etildi.
➡️Xususan, tuproq tahlillari natijalari asosida tuproq sogʻlomligini baholash, mikroelementlar, ekinlarni tuproq-iqlim sharoitiga mos joylashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, shoʻrlanishga qarshi samarali mexanizmlar ishlab chiqish hamda tuproq unumdorligini oshirish boʻyicha amaliy tavsiyalar tayyorlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Shu bilan birga, har bir loyiha mavzusi yuzasidan sifatli taqdimotlar tayyorlash ishlari talab darajasida emasligi qattiq tanqid qilindi.
➡️Yigʻilishda amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar va monitoring ishlari muhokama qilinib, Innovatsion rivojlanish agentligiga taqdim etilgan loyihalar tanlovi jarayonlarini doimiy nazorat qilish vazifasi yuklatildi. Laboratoriyani akkreditatsiyadan oʻtkazish ishlarini jadallashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 68-son Farmoni ijrosini taʼminlash, xorijiy xizmat safarida boʻlib qaytgan xodimlar ishtirokida taqdimotlar tashkil etish, institut ilmiy jurnali veb-saytini belgilangan muddatda ishga tushirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
➡️Shuningdek, kutubxona va arxiv faoliyati, ikkinchi bosqich qurilish ishlari, xizmat muddati tugagan jihozlarni belgilangan tartibda hisobdan chiqarish, yangi mebellar xaridi, ularni joylashtirish hamda mehnat va texnika xavfsizligi masalalari koʻrib chiqildi.
➡️Yigʻilish yakunida barcha yoʻnalishlarda ijro intizomini kuchaytirish va xalqaro hamkorlik faoliyatini yanada faollashtirish zarurligi qatʼiy taʼkidlandi.
Manba: Telegram kanali





