⚡️Bugun Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori, professor Shuhrat Bobomurodov ishtirokida institutning ustuvor vazifalari va istiqboldagi rejalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
🔵Yigʻilishda, avvalo, loyihalar doirasida laboratoriya priborlari uchun ajratilgan mablagʻlardan unumli va samarali foydalanish, yangi olingan zamonaviy uskunalarni tegishli boʻlimlarga joylashtirish hamda ularning imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, binoning ikkinchi qismida laboratoriya xonalarini kengaytirish va zarur boʻlimlar uchun munosib ish sharoitlarini yaratish vazifalari belgilab olindi.
🔵Tuproqdagi mikroelementlar tahlili, tuproq monitoringini takomillashtirish hamda «Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Prezident farmoni ijrosi doirasida pilot maydon sifatida tanlangan Bulungʻur va Fargʻona tumanlaridan keltirilgan tuproq namunalari boʻyicha belgilangan tahlillar natijalari atroflicha koʻrib chiqildi.
🔵3–4 dekabr kunlari Butunjahon tuproq kuniga bagʻishlab oʻtkaziladigan xalqaro konferensiyaga puxta tayyorgarlik koʻrish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu nufuzli tadbirni Oʻzbekistonda oʻtkazish katta masʼuliyat ekani, uni yuqori saviyada tashkil etish institutning ilmiy salohiyati va xalqaro nufuzini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Ilmiy-tadqiqot faoliyati natijadorligini oshirish, Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy bazalaridagi nashrlar ulushini koʻpaytirish, olimlarning ilmiy koʻrsatkichlarini yuksaltirish, institut ilmiy jurnali va veb-sayti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
🔵Shu bilan birga, institutda agroximiya va tuproqshunoslik yoʻnalishlari faoliyatini tubdan isloh qilish, eskicha yondashuvlardan voz kechib, zamonaviy ilmiy usullar va ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy etish zarurligi qayd etildi. Bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini joyida oʻrganish maqsadida xizmat safarlarini tashkil etish, zarur hollarda oʻqish va malaka oshirish xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish imkoniyatlaridan foydalanish masalalari ham koʻtarildi.
🔵Tuproqni anʼanaviy agrokimyoviy tahlillar bilan cheklanib qolmasdan, uning mineralogiyasi, biologiyasi va boshqa zamonaviy yoʻnalishlarini ham toʻliq yoʻlga qoʻyish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda ilmiy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan boʻlim boshliqlariga tegishli topshiriqlar berildi.
➡️Yigʻilishda barcha belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun, eng avvalo, chuqur ilm, mustahkam bilim, izlanish, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish va xorijiy tillarni bilish muhimligi alohida taʼkidlandi. Boʻlim rahbarlari tomonidan takliflar bildirilib, mavjud muammolar va ularning yechimlari ochiq muhokama qilindi. Barcha ishlar jamoaviy yondashuv, oʻzaro hamkorlik va umumiy masʼuliyat asosida amalga oshirilishi zarurligi qayd etildi.
✅Yigʻilish tanqidiy tahlil, talabchanlik va hamjihatlik muhitida oʻtdi. Belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarish har bir xodimdan vijdonan mehnat qilish, tashabbuskorlik va Vatanga sadoqatni talab etishi taʼkidlandi.
✅Telegram: TATI Soil
Manba: Telegram kanali




