🔵Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvlarida har bir vazirlik tomonidan 1 000 ta tashabbus loyihasini ishlab chiqish boʻyicha berilgan topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizim tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda yangi tashabbuslarni shakllantirishga qaratilgan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.
⚡️Shu munosabat bilan vazirlik kotibiyati boshligʻi Shamshod Ergashev boshchiligidagi ishchi guruh, Tuproq unumdorligini oshirish va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish boshqarmasi boshligʻi Oybek Soatov hamda vazirlikning masʼul rahbarlari Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutiga tashrif buyurishdi.
🔴Institut direktori Shuxrat Bobomurodov hamrohligida mehmonlar institutning qayta taʼmirlangan binolari, ilmiy laboratoriyalar, Markaziy Osiyo tuproq muzeyini tashkil etish uchun ajratilgan inshoot, kutubxona hamda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
🕐Tashrif doirasida institut jamoasi bilan ochiq davra suhbati tashkil etilib, tuproqshunoslik sohasining bugungi holati, mavjud muammolar va ularning yechimiga qaratilgan istiqbolli tashabbuslar muhokama qilindi. Shamshod Ergashev ilgari surilayotgan tashabbuslar institutning kelgusidagi strategik rivojlanish rejasini shakllantirishda muhim asos boʻlishini taʼkidlab, olimlarni yangi gʻoya va amaliy takliflar bilan faol ishtirok etishga chorladi. Ayniqsa, yosh olimlar va doktorantlarning innovatsion tadqiqotlariga qiziqish bildirib, ularning ilmiy izlanishlari va istiqbolli gʻoyalarini diqqat bilan tingladi.
🔵Muloqot davomida olim va mutaxassislar tuproq unumdorligini oshirish, shoʻrlangan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, eroziya va degradatsiya jarayonlarining oldini olish, tuproqning biologik faolligini oʻrganish hamda oziqa elementlari balansini maqbullashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarini taqdim etdilar. Ilmiy ishlanmalarni qishloq xoʻjaligi amaliyotiga joriy etish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va soha muammolariga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
📌Uchrashuv davomida institut olimlari tomonidan bir qator yangi tashabbuslar ilgari surildi va vazirlik ishchi guruhi tomonidan qayd etib olindi. Mazkur muloqot ilmiy salohiyatni roʻyobga chiqarish, yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda tuproqshunoslik sohasini yangi gʻoyalar va amaliy yechimlar asosida rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Manba: Telegram kanali







