BUYUK_SIYMOLAR_YODI

Bugun Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida navbatdagi ma’naviyat soati Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud sanalariga bag‘ishlab “IKKI BUYUK SIYMO: MA’NAVIYATIMIZ SARCHASHMALARI” mavzusida ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirga taklif etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi, filologiya fanlari doktori Rustam Jabborov ikki buyuk ijodkor, ulug' mutafakkir bobolarimiz, so'z mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning boy ma'naviy merosi, butun dunyoni hayratga solib, insonlar qalbiga, ezgulik, vatanparvarlik, saxovat va mehr-muruvvat nurini taratib kelayotgani haqida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

Rustam Jabborovga ko‘ra, Navoiy turkiy til asosida betakror bog‘ yaratib, dunyo ahlini hayratga solgan bo‘lsa, Bobur shu turkiy nazm gulshanidagi bepoyon bog‘ni chin ma’noda bo‘stonga aylantirgan va hind yurtida ham ijodkorlar rahnamosi ham bo‘lgan. Shu bois ular ijodi hamon qunt bilan o‘rganilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Navoiy va Bobur ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho‘qqisidir. Millatimiz ma'naviy dunyoqarashining yuksalishiga ulkan hissa qo'shgan ikki buyuk shaxs – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda markaziy institut rahbar va xodimlari, yosh olimlar ishtirok etib, ikki ijodkorning hayoti, faoliyati, ijodiy merosi xususida o'zaro fikr almashishdi.

