
AMALIY_LOYIHA
TADQIQOT_ISHLARI
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutining bir guruh olimlari tomonidan Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan ALM-9124093792 "SUG‘ORISH EROZIYASI JARAYONIDA TUPROQDAGI ORGANIK MODDALARNI YUVILISHINI OLDINI OLISHGA QARATILGAN AGROTEXNOLOGIYA ISHLAB CHIQISH" nomli amaliy loyiha doirasida Namangan viloyati Pop tumani “Ibroxim ota” fermer xo‘jaligida dala ishlari olib borilmoqda.
Pop tumani hududidagi Xudayberganov nomli massiv “Ibroxim ota” fermer xo‘jaligida tarqalgan sug‘orish eroziyasiga moyil bo‘lgan sug‘oriladigan sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlardan iborat.
Loyiha rahbari Nazimxon Qalandarovga ko‘ra, - tuproq yuzasini doimiy ekin bilan qoplab turish orqali organik moddalarni yuvilishini oldini olish maqsadida kuzda sederat ekinlari ekish yuqori samara beradi. Ushbu tanlangan hududda g‘alla va oraliq ekindan keyin chigit ekulguncha sug’orish eroziyasini oldini olish hamda tuproqni qo‘shimcha organik moddalarga boyitish maqsadida sederat ekinlari ekildi.
Bu esa o‘z navbatida haydash natijasida uning ko‘k massasi va ildiz qoldiqlari tuproqda agregatlar va suvga chidamli makro- va mikroagregatlar miqdorini ortishiga olib kelishi hamda g‘o‘zani vegetatsiya davrida sug‘orishda tuproq zarrachalari, gumus va oziqa moddalarini yuvilishini kamaytiradi.
Umuman olganda bu kabi amaliy loyihalar barqaror rivojlanish tamoyillarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Qishloq xo‘jaligida yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etishga ham turtki beradi. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ekologik muammolarni hal qilish va iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

