TASHRIF

Star InactiveStar InactiveStar InactiveStar InactiveStar Inactive
 
5217751873384217866 5217751873384217867 5217751873384217869 5217751873384217872


Joriy yilning 25-aprel sanasida Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi A. Tuychiyev boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida amalga oshirilayotgan innovatsion ilmiy loyihalar va erishilgan natijalar bilan tanishdi.

Institutning tuproq geografik axborot tizimlari va pedometrika bo‘limi ilmiy xodimlari tomonidan yerlar degradatsiyasi jarayonlarini baholash va xaritalash, tuproqlar holatini tahlil qilishning samarador va tezkor axborot tizimlarini yaratish, tadqiq etiladigan hudud to‘g‘risida tez va sifatli maʼlumot olish, masofadan zondlash maʼlumotlariga ishlov berish orqali ko‘p yillik monitoring ishlarini olib borishga doir ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, Institutning “Analitik sinov laboratoriyasi” bo‘limi ham ko‘zdan kechirildi. Hozirda analitik sinov laboratoriyalarida tezkor tuproq tahlili xizmatlari yana-da kengayganligi, zamonaviy innovatsion texnologiyalar tatbiq etilishi xizmat sifatini oshishining asosiy omili bo‘layotganligi taʼkidlandi.

Institutda xorijdan keltirilgan laboratoriya jihozlaridan, jumladan, Germaniyadan keltirilgan Agilent 5800 ICP-OES spektrometri texnologiyasidan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Bunday yangi zamonaviy uskunalardan keng foydalanish agrokimyoviy tadqiqotlar o‘tkazishda yuqori aniqlik va tezlikka erishish, hosildorlikni oshirish, mahsulotlar sifatini yaxshilash, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, atrof muhitni muhofaza qilish muammolarining yechimini topishda muhim ahamiyatga egaligi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, tuproqshunoslik sohasida ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan professor-olimlar, ilmiy xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida sug‘oriladigan yerlar sho‘rlanishining oldini olish, tuproq gumus miqdori va sifatini oshirish, agrokimyoviy kartogramma, geobotanik tadqiqot natijalari asosida agrotexnologiyalar ishlab chiqish, ilm va innovatsiyalarni keng joriy qilishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalalarida ayrim kamchiliklar mavjudligi taʼkidlandi.

Shuningdek, tuproqshunoslik sohasini yanada rivojlantirish, Institutning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy qilishda yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

© 2025 Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti