![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Bugun Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida O‘zbekiston Respublikasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi deputatlari bilan hamkorlikda “Respublikada sho‘rlashgan va unumdorligi past bo‘lgan yerlarni ekin maydonlariga aylantirish hamda hosildorligini oshirish masalalari: muammolar va yechimlar" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirni institut direktori Shuhrat Bobomurodov kirish so‘zi bilan ochib kun tartibiga qo‘yilgan asosiy masalaga to‘xtalib, bugungi kunda mamlakatimizda oziq-ovqat xavsizligini ta’minlashda har bir davlat xizmatchisi birdek mas’ul ekanligini qayd etdi. Mavzu yuzasidan institut olimlari tomonidan sohaga oid qonun va qarorlar, huquqiy asoslar, shuningdek ushbu masala mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida diqqat markazida ekanligi, bu borada qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishiga hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan makroiqtisodiy strategiyasining eng muhim ustuvor yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani to‘g‘risida fikr va mulohazalar yuritdi.
Shundan so‘ng institut direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, professor Nodirjon Abduraxmonov “O‘zbekistonda tuproqlar sho‘rlanishi muammolari va ularning yechimlari” hamda Tuproqlar biogeokimyosi, kimyoviy va fizik-kimyoviy holatini maqbullashtirish bo‘lim boshlig‘i Tolib Berdiyevning “Tuproq degradatsiyasi va unga qarshi kurashda zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi taqdimotlar tinglandi.
Tadbirda ishtirok etgan deputatlar S.Djumayeva, M.Axmedova, D.Azizovalar o‘z navbatida iqlim sharoitlarining o‘zgarishi fonida agrar sohani rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ko‘plab davlatlar, jumladan O‘zbekiston Respublikasi uchun ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani, yer va suv resurslaridan unumli, ilmiy yondashuvlar asosida foydalanish orqali qishloq xo‘jaligida mahsuldorlikni oshirish bilan ta’minlash mumkin. O‘zbekistonda mavjud unumdor yerlar hajmining kamayishi, tuproqlarda sodir bo‘layotgan salbiy oqibatlar sahrolanish, cho‘llanish, sho‘rlanish kabi jarayonlar haqida so‘z yuritildi. Qishloq xo‘jaligi an’anaviy ravishda O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmog‘i bo‘lgani sababli, kutilayotgan iqlim o‘zgarishlari mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xafsizligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, murakkab iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi iqlimga moslashgan xususiyatga egaligi, iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalar va amaliyotlarni joriy etish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish tuproq iqlim sharoitiga mos ekinlarni tanlashda tadqiqotchi olimlarimizning o‘rni beqiyosligi alohida ta’kidlandi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning tizimli ravishda amalga oshirilishi va davlat tomonidan maqsadli qo‘llab-quvvatlanishi ichki bozorni sifatli, hamyonbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘yintirishga xizmat qilmoqda.
Davra suhbati qizg‘in va faol muloqot shaklida o‘tkazilib, institut tarkibidagi mintaqaviy bo‘linmalar rahbar va xodimlari ham ZOOM platformasi orqali ishtirok etishdi. Suhbat yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Barcha fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinib, bu sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.