![]() |
![]() |
![]() |
Bugun O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari va tahlil markazlari bilan hamkorlikda «Qonun ijodkorligi va parlament nazorat tadbirlarida ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tahlil markazlarining o‘rni» mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tahlil markazlari rahbar va mutahassislari, xalqaro ekspertlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, mamlakat taraqqiyotiga qaratilgan strategiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘mita faoliyatiga ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini faol jalb qilish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Tadbir davomida qonun ijodkorligi jarayonlari va parlament nazorat tadbirlarini olib borishda ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tahlil markazlari bilan hamkorlikning ahamiyati haqida so‘z yuritilib, bu borada kelgusida olib boriladigan faoliyatning muhim yo‘nalishlari belgilab olindi.
Bu borada deputatlar ham qishloq xo‘jaligiga oid qonunchilikni takomillashtirishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladilar.
Shuningdek, fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi klasterlari va koorperatsiyalari, ilg‘or xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda, yangi ilmiy ishlanmalar, innovatsiyalar hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish yuzasidan o‘zlarining ilg‘or g‘oyalari bilan faol ishtirok etishlari kerakligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun: Ushbu davra suhbatida Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori, biologiya fanlari doktori Shuhrat Bobomurodov, institut direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, professor Nodirjon Abduraxmonovlar ham ishtirok etdi.